Shavkat Mirziyoyev Vengriya delegatsiyasining har bir a’zosi bilan alohida muloqot qildi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Budapesht shahrida Vengriyaning yetakchi kompaniya va banklari rahbarlari bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Tadbirda Vengriya iqtisodiy rivojlanish vaziri Marton Nad, Savdo-sanoat palatasi raisi Laslo Parrag, «OTP Bank» raisi Shandor Chani, shuningdek, «Gedeon Richter», «Bonafarm», «Wizz Air», «Raba Holding», «Meditop», «Master Good», «Kite» kabi yigirmaga yaqin eng yirik kompaniya va korporatsiyalar rahbarlari ishtirok etdi.

Uchrashuvda farmatsevtika, qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat sanoati, elektronika va elektrotexnika, kimyo, to‘qimachilik, charm tarmoqlari va avtomobilsozlik kabi sohalarda o‘zaro manfaatli hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari muhokama qilindi.

Davlatimiz rahbari keyingi yillarda O‘zbekiston iqtisodiy siyosatining asosiy natijalarini sanab o‘tdi: valyuta bozori va foydani repatriatsiya qilish erkinlashtirildi, davlat aktivlari va banklarni, sanoat va infratuzilma ob’ektlarini xususiylashtirish dasturi boshlandi, soliq tizimi isloh qilindi.

“Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasida tadbirkorlar uchun maksimal darajada qulay sharoitlar yaratish, yurtimizda xorijiy biznes faoliyatini kengaytirish borasidagi ishlarni davom ettirish maqsad qilingan. Eng muhimi, xorijiy biznes yangilanishlarimizga ishondi”, - dedi Shavkat Mirziyoyev.

Uchrashuvda ustuvor loyihalarni moliyalashtirish uchun qo‘shma fond tashkil etilishi va u tez fursatda ish boshlashi aytildi. Faqat Vengriya kompaniyalari uchun mo‘ljallangan alohida sanoat zonasini yaratish va uni barcha zarur ishlab chiqarish infratuzilmasi bilan ta’minlash taklif etildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Vengriya delegatsiyasining har bir a’zosi bilan alohida muloqot qildi. Aniq qo‘shma loyihalarni amalga oshirish rejalari haqida batafsil fikr almashildi. Uchrashuv yakunida ilgari surilgan barcha loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha aniq muddatlar va mas’ul ijrochilar ko‘rsatilgan kompleks “yo‘l xaritasi”ni qabul qilishga kelishib olindi.