SHHT faoliyatida o‘zaro manfaatli ishtirok etish masalasining strategik xujjatlarda ifodalanishi

Ushbu xaftaning eng muhim siyosiy tadbiri azim Samarqand shahrida 15-16 sentabr kunlari Shanxay hamkorlik tashkiloti davlat rahbarlarining 22-sammiti bo‘lib o‘tadi. Shu haqda “Taraqqiyot strategiyasi” markazi eksperti Anvarjon Mirkomilov o‘z fikrlarini bildirdi.

Hozirga qadar O‘zbekiston SHHT sammitlariga uch marotaba (2005-2006, 2009-2010 va 2015-2016) mezbonlik qilgan bo‘lsa barchasi poytaxtimiz Toshkent shahrida o‘tkanligini qayd etish lozim. Bu safargi manzil ko‘hna va xamisha navqiron Samarqand shahri sifatida tanlandi. O‘zbekiston raislik qiladigan bu safargi anjumanga aynan Samarqand shahrining tanlanishida ham chuqur ramziy ma’no mavjud.
Ushbu qadimiy va navqiron shahar milliy davlatchiligimiz va umuman, jahon sivilizatsiyasi tarixida alohida o‘ringa ega. Amir Temur bobomiz asos solgan shahar “Buyuk ipak yo‘li” yo‘lining chorrahasida joylashgan bo‘lib, yigirma yetti davlatni o‘z ichiga olgan yirik saltanatning poytaxti sifatida ko‘p yillar siyosiy va diplomatik markaz vazifasini bajargan. Bu yerda dunyoga mashhur olimlar yetishib chiqqan, kashfiyot va ixtirolar qilgan, ilm-fan bilan mashg‘ul bo‘lib hozirda jahon madaniy merosidan o‘rin olgan betakror asarlar yaratgan.

Bugungi Samarqand ham har jihatdan tarixiy anjuman bo‘lishi kutilayotgan shu kabi yirik tadbirlarni yuqori saviyada tashkil etish va mezbonlik qila olish salohiyatiga deb hisoblayman. Ushbu zaminda shakllangan qutlug‘ an’analarni izchil davom ettirgan holda, oxirgi yillarda uni yanada ko‘rkam va obod qilish, chinakam diplomatiya markaziga aylantirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi.
Mazkur anjumanning o‘zi xos jihatlaridan biri butun dunyoda ro‘y bergan pandemiyadan so‘ng sammitda mamlakat rahbarlari so‘nggi uch yilda birinchi marta yuzma-yuz to‘planishadi. Bu esa pandemiya davrida to‘planib qolgan mintaqaviy va global muammolarni muhokama qilish uchun qulay fursat va samarali maydon vazifasini bajaradi.

Ikkinchidan, uchrashuvning muhim jihatlaridan biri bo‘lishi kutilayotgan voqea bu tashkilotning kengayishi bilan bog‘liq jihat. Bunda Eronning majburiyatlari bo‘yicha Memorandum imzolanishi kutilmoqda. Mazkur xujjat Eronga SHHTga a’zo davlat maqomini taqdim etish masalasini hal qilish uchun asos bo‘lib xizmat qiladi. Ya’ni, Eron tomoni 2023 yilgi sammitda, agar u barcha majburiyatlarini bajarsa, tashkilotga to‘liq a’zo sifatida qo‘shilish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Uchinchidan, SHHTning kuzatuvchi va muloqot bo‘yicha sherik davlatlari a’zoligini kengaytirish to‘g‘risida qaror qabul qilinishi kutilmoqda.

To‘rtinchidan, Shanxay hamkorlik tashkiloti a’zo davlatlari o‘rtasida uzoq muddatli yaxshi qo‘shnichilik, do‘stlik va hamkorlik to‘g‘risidagi Shartnomani 2023-2027 yillarda amalga oshirish bo‘yicha Keng qamrovli reja qabul qilinishi rejalashtirilgan.

Mamlakatimizning shu kabi xalqaro tashkilotlarda o‘zaro manfaatli ishtirok etish masalasi qabul qilinayotgan Strategiyalar va Davlat dasturilari bilan mushtarak hamda ularda o‘z ifodasini topganligini qayd etish zarur. Joriy yilning 28 yanvar kuni qabul qilingan 2022 — 2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi xujjati 93-maqsadida “Mamlakatning xalqaro munosabatlardagi teng huquqli sub’ekt sifatidagi rolini oshirish”, deb belgilangan. Xususan unda hamkor mamlakatlar bilan hamda xalqaro tashkilotlar doirasida mintaqaviy va global masalalar bo‘yicha muvozanatli, doimiy muloqot olib borish, ular bilan ikki va ko‘p tomonlama uchrashuvlar o‘tkazish, siyosiy, iqtisodiy va madaniy sohalarda hamda turli darajadagi maslahatlashuvlarni tashkil etish vazifalari belgilangan.

Bu yilgi “Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturining 349-bandida Shanxay Hamkorlik Tashkiloti sammitiga O‘zbekiston raisligini samarali va faol amalga oshirish vazifasi alohida belgilangan. Unda shuningdek, yirik tadbirlarda (xalqaro tashkilotlar doirasida va xorijiy hamkorlar bilan sherikchilik asosida hamda ikki tomonlama konferensiya, forum, seminar va davra suhbatlari) mintaqaviy va xalqaro masalalar bo‘yicha O‘zbekiston pozitsiyasi hamda global tashabbuslarini ilgari surish kabi faoliyatni tashkil etish qayd etilgan.

Yuqorida qayd etilgan maqsad va vazifalardan kelib chiqib, O‘zbekiston tomonidan SHHTga raislik davrida barcha  hamkorlik sohalarida 80 dan ortiq tadbirlar o‘tkazildi. Mazkur ishlarning natijasi sifatida bo‘lajak sammitda imzolash uchun 30 dan ortiq hujjat taqdim etilishi rejalashtirilgan.

Muxtasar aytkanda, kutilayotgan anjuman SHHTning tarixiga muhim ijobiy o‘zgarishlarga asos bo‘lib, barcha mamlakatlar uchun o‘zaro foydali, samimiy muloqot, konstruktiv va do‘stona ruhda o‘tishiga ishonchim komil