ShHT: mintaqaviy muammolarni hal etishga qodir bo’lgan xalqaro forum

Joriy yilning 15-16-sentabr kunlari koʼhna Samarqand shahri Shanxay hamkorlik tashkilotiga aʼzo mamlakatlar Davlat rahbarlari kengashining majlisiga mezbonlik qiladi. Ushbu tadbir ShHT yetakchilarining 2019-yildan buyon birinchi yuzma-yuz uchrashuvi boʼladi va Oʼzbekistonning tashkilotdagi raisligiga yakun yasaydi.

Shanxay hamkorlik tashkiloti — mintaqaviy xavfsizlik va iqtisodiy hamkorlik tashkiloti. Shanxay Hamkorlik Tashkiloti (ShHT) shiddat bilan oʼzgarib borayotgan hozirgi zamonning eng dolzarb muammolarini samarali hal qilishda, xavfsizlik va barqaror taraqqiyotni taʼminlashda katta hissa qoʼshib kelayotgan nufuzli xalqaro tashkilot hisoblanadi.

Tashkilotning iqtisodiy hamkorlik borasida transport infratuzilmasini rivojlantirish, tabiiy, mineral xomashyo zaxiralarini oʼzlashtirish, suv energetika zaxiralaridan unumli foydalanish, ekologiyaga oid va boshqa masalalar hamkorlik asosida rivojlantiriladi. Oʼtgan 20 yil mobaynida mintaqaviy va xalqaro vaziyatda keskin oʼzgarishlar roʼy berayotgan bir sharoitda ShHT oʼzini koʼp tomonlama hamkorlikning taʼsirchan mexanizmi sifatida namoyon etmoqda. Qisqa davrda tashkilot salmoqli shartnomaviy-huquqiy bazaga ega boʼldi, institutsional jihatdan toʼlaqonli tuzilma sifatida shakllandi, qator tarkibiy organlari tashkil qilinib, ularning barqaror faoliyati yoʼlga qoʼyildi. Tashkilotning umumiy makoni Yevrosiyo hududining 60 foizini egallaydi. ShHTga aʼzo davlatlarning yalpi ichki mahsuloti jahon yalpi ichki mahsulotining qariyb 23 foizini tashkil qiladi. Oʼzbekiston ana shunday nufuzli tashkilotning teng huquqli aʼzosi sifatida u bilan oʼzaro aloqalarini mustahkamlashga katta eʼtibor qaratib kelmoqda.

Oʼzbekiston raisligi davrida asosiy eʼtibor tashkilot doirasidagi hamkorlikning savdo-iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash, sanoat kooperatsiyasini ilgari surish, transport-kommunikatsiya oʼzaro bogʼliqligini kengaytirish, raqamli transformatsiya va «yashil» iqtisodiyot, ShHTning xalqaro nufuzini mustahkamlash kabi eng muhim ustuvor yoʼnalishlariga qaratildi. Mamlakatimizning soʼnggi yillarda ShHT doirasidagi faoliyatini tashabbuskorlik va pragmatizm tamoyillari ustuvor boʼlib borayotgani bilan ifodalash mumkin. Oʼtgan davrda ShHT oʼzini samarali mexanizm sifatida namoyon etib, siyosat va xavfsizlikdan iqtisodiy hamda ijtimoiy hamkorlikkacha boʼlgan keng qamrovli masalalarni oʼz ichiga olgan mintaqaviy muammolarning butun bir majmuini hal etishga qodir xalqaro forum sifatida jahon siyosat sahnasidan mustahkam oʼrin egalladi. ShHT doirasida milliy manfaatlarimizga javob beradigan koʼp tomonlama hamkorlikni kengaytirish boʼyicha ilgari surilgan barcha taklif va tashabbuslarimiz mintaqadagi barqarorlik hamda hamkorlikni mustahkamlashning ustuvor yoʼnalishlariga toʼliq mos keladi.