SHHT sammitida 30 dan ortiq hujjat imzolanishi kutilmoqda — Sherzod Asadov

15−16-sentabr kunlari Samarqand shahrida bo‘lib o‘tadigan Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar rahbarlari kengashining 22-majlisi nafaqat haftaning, balki butun yilning eng muhim siyosiy ahamiyatga ega tadbiri hisoblanadi. Bu haqda O‘zbekiston Prezidenti matbuot kotibi Sherzod Asadov dushanba kungi an’anaviy brifingda ma’lum qildi

Tadbirda 8 ta a’zo mamlakat — O‘zbekiston, Rossiya, Xitoy, Hindiston, Pokiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, 3 ta kuzatuvchi maqomidagi mamlakat — Belarus, Eron, Mo‘g‘iliston va 4 ta mehmon sifatida taklif etilgan mamlakat — Turkiya, Ozarbayjon, Turmaniston, Armaniston davlat va hukumat rahbarlari ishtirok etadi.

Shuningdek, Sammitda qatnashish uchun BMTning Osiyo va Tinch okeani uchun iqtisodiy va ijtimoiy komissiyasi (ESKATO), YUNESKO, MDH, Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti, Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi, Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti, Arab davlatlari ligasi, Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengash kabi xalqaro va mintaqaviy tashkilotlarning rahbarlari taklif etilgan.

Avval tashkilotga a’zo davlatlar yetakchilarining tor doirada majlisi, so‘ng barcha delegatsiyalar ishtirokidagi kengaytirilgan yig‘ilish bo‘lib o‘tadi. Shu bilan birga, Sammit doirasida ikki tomonlama uchrashuvlar ham ko‘zda tutilgan.

"Keng ko‘lamda olib borilgan chora-tadbirlar samarasida bo‘lajak sammitda imzolash uchun 30 dan ortiq hujjat taqdim etilishi rejalashtirilgan. Shubhasiz, Samarqand sammitining asosiy maqsadlaridan biri SHHT oilasini yanada kengaytirish masalasidir. Davlat rahbarlari kengashi doirasida SHHTga a’zolik maqomini olish uchun Eron Islom Respublikasining majburiyatlari to‘g‘risidagi memorandum imzolanishi kutilmoqda", — deya ta’kidladi O‘zbekiston yetakchisining rasmiy vakili.