ShHTda atrof-muhit masalalari bo‘yicha navbatdagi yig‘ilish

2022-yil 27-may kuni Toshkent shahrida Shanxay hamkorlik tashkiloti (ShHT)ga a’zo davlatlarning atrof-muhit masalalari bo‘yicha mas’ul vazirlik va idoralari rahbarlarining uchinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tadi.

ShHTga a’zo sakkiz davlatning yuqori martabali delegatsiyalari va ekspertlari Tashkilot kotibiyati vakillari ishtirokida zamonaviy voqelikni hisobga olgan holda atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirishning dolzarb vazifalarini muhokama qiladi.

Tadbir O‘zbekistonning ShHTga raisligi doirasida o‘tkazilmoqda.

Hozirgi vaqtda iqlim o‘zgarishi, o‘simlik va hayvonot dunyosining yo‘qolishi, yerlarning tanazzulga uchrashi va suv resurslarining kamayishi kabi global ekologik muammolar ko‘plab mamlakatlar uchun jiddiy muammolarni keltirib chiqarmoqda. Bu muammolar Yevroosiyo hududining 60 foizini egallagan va 3,2 milliarddan ortiq aholi istiqomat qiladigan ShHTning ulkan hududiga ham xosdir.

Bu borada ShHTga a’zo davlatlar bosh ekologlarining Toshkent yig‘ilishi ham dunyo jamoatchiligining katta e’tiborni tortmoqda. Zero, ushbu yig‘ilish mazkur tashkilotning ekologik xavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha tahdidlarga birgalikda qarshi kurashish bo‘yicha hamkorlikni oshirishga qaratilgan sa’y-harakatlarining mantiqiy davomi sifatida bo‘y ko‘rsatishi kutilmoqda.