Shimoliy Koreyada ichak kasalligi avj olmoqda

Shimoliy Koreya Covid-19dan tashqari noma'lum ichak kasalligining avj olishi bilan kurashayotganini e’lon qildi. Mamlakat rahbari Kim Chen In karantin choralarini qo‘llashni buyurdi, deya xabar beradi KCNA rasmiy axborot agentligi.
Unda aytilishicha, Prezident chorshanba kuni Xeju shahriga "o'tkir ichak epidemiyasi" bilan og'rigan bemorlarga yordam berish uchun dori yuborgan.
Sog'liqni saqlash mutaxassislari kasallik tif yoki vabo bo'lishi mumkin, deb taxmin qilishadi.
Shimoliy Koreya may oyida millionlab odamlarda isitma kuzatilganidan keyin favqulodda holat e'lon qildi.
Kasallik epidemiyasidan zarar ko'rgan odamlarning soni haqida statistika ochiqlanmadi va bu qanday kasallik ekanligi haqida ham batafsil ma'lumot berilmagan.
Ammo, shunisi aniqki, bu oshqozon-ichak trakti kasalligi.
Janubiy Koreya rasmiylaridan biri Reuters axborot agentligiga hukumat epidemiyani vabo yoki tif kasali deb taxmin qilayotganini aytdi.
Shimoliy Koreya payshanba kuni isitma belgilari bilan yana 26,010 holat qayd etilganini xabar qildi. Aprel oyining oxiridan beri butun mamlakat bo'ylab isitma bilan kasallanganlarning umumiy soni 4,56 millionga yaqinlashdi.
Hukumatning ta'kidlashicha, epidemiya bilan bog'liq o’limlar soni 73 kishini tashkil etadi, ammo Jahon sog'liqni saqlash tashkiloti va boshqalar vaziyat bundanda jiddiyligini taxmin qilishnoqda.






