Sindao Xalqaro ekspo markazida O‘zbekiston paviloni ochildi

Xitoyning Shandun provinsiyasi Sindao shahrida “Xitoy – SHHT namunaviy hududi marvaridi” nomli xalqaro namoyish markazi hududida O‘zbekiston savdo nuqtasi ochildi. O‘zbekiston pavilonida mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan eksportbop mahsulotlar – meva sharbati, tabiiy asal, quritilgan meva, ma’danli suv, za’faron, qandolat, to‘qimachilik va charm-sanoat mahsulotlari, milliy hunarmandlik namunalari aks etgan.

Milliy uslubda ishlangan, 600 kvadrat metrli O‘zbekiston savdo hududi markazidagi Sohibqiron Amir Temur haykali, Registon majmuasidagi Mirzo Ulug‘bek madrasasi, Buxoroning “Minorai kalon”i ramzi mehmonlarda iliq taassurot qoldirmoqda.

Pavilonning ichki devorida mamlakatimizning boy tarixi, madaniyati, turizm salohiyati hamda O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi hamkorlik jarayoni to‘g‘risidagi ma’lumotlar aks etgan.

Ma’lumot uchun: “Xitoy – SHHT namunaviy zonasi marvaridi” deb nomlangan majmuaning umumiy maydoni 168 ming kvadrat metr. Markaz “Bir makon, bir yo‘l” tashabbusi ishtirokchilari va Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar uchun to‘lovsiz ko‘rgazma namoyish etish, mahsulot savdosini amalga oshirish, yirik anjuman va uchrashuvlar o‘tkazish imkonini beradi.