Sirdaryo hokimiga Xitoydan maslahatchilar olib kelinadi

Prezident Shavkat Mirziyoyevning Sirdaryo aholisi farovonligiga qaratilgan uchinchi tashabbus doirasida viloyatning eng ilg‘or agrotexnologiyalar joriy qilinadi.

Xususan, viloyat hokimiga qishloq xo‘jaligida ilm va innovasiya joriy qilish bo‘yicha Xitoydan 2 nafar maslahatchi olib kelinadi. Sirdaryoda irrigasiya va meliorasiya tizimlarini modernizasiya qilishga xitoylik investorlar jalb qilinadi.

Shuningdek, Xitoy tajribasi yordamida qoramol va parrandachilik ekokomplekslari tashkil qilinadi, sho‘r va suvsizlikka chidamli makkajo‘xori, sorgo, beda kabi ozuqaga boy ekin navlari ekiladi, intensiv anor, qovun, pekan yong‘og‘i va baliqchilik plantasiyalari tashkil qilinadi, meva-sabzavotni saqlash, qayta ishlash va qadoqlash texnoparki tashkil etiladi.

Sho‘r va suvsizlikka chidamli ekin turlari, chorvachilik nasllarini yaratish bo‘yicha Xitoyning bu yo‘nalishdagi yetakchi oliygohlari bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yiladi. Ularning filiallari tashkil qilinib, qishloq va suv xo‘jaligi uchun kadrlar tayyorlanishi hamda yer o‘zlashtirish, cho‘llanish, irrigasiya va ekologiya yo‘nalishida ilmiy-tadqiqotlar olib boriladi.