Sirdaryo viloyatida investitsiyalar va eksport hajmi oshmoqda

Sirdaryo viloyatida boshqa sohalar kabi investitsiya va eksport sohasida ham ijobiy natijalarga erishilmoqda.

Jumladan, joriy yil boshidan viloyatda qiymati 1,9 trillion so‘m miqdoridagi 495 ta loyiha ishga tushirilib, 4 783 ta yangi ish o‘rni yaratildi. Ishga tushirilgan loyihalarning 117 tasi sanoat, 249 tasi xizmat ko‘rsatish hamda 129 tasi qishloq xo‘jaligi sohasi hissasiga to‘g‘ri keladi.

Shuningdek, yil yakuniga qadar qiymati 2,9 trillion so‘m bo‘lgan 225 ta, ya’ni, Guliston shahrida 36 ta, Yangiyer shahrida 15 ta, Shirin shahrida 16 ta, Boyovut tumanida 24 ta, Guliston tumanida 15 ta, Mirzaobod tumanida 19 ta, Oqoltin tumanida 23 ta, Sardoba tumanida 16 ta, Sayxunobod tumanida 18 ta, Sirdaryo tumanida 17 ta va Xovos tumanida 26 ta loyihani ishga tushirish rejalashtirilgan.

Viloyatning eksport salohiyati ham ortib bormoqda. Joriy yilning yanvar-oktabr oylarida 182 million dollar miqdorida eksport amalga oshirilgan. O‘tgan yilning mos davriga nisbatan eksport hajmi 62 million dollarga oshgan. Shuningdek, eksport geografiyasi 12 ta davlatga ko‘payib, bugungi kunda viloyatdan 31 ta davlatga 154 turdagi sanoat va meva-sabzavot mahsulotlari eksport qilinmoqda.