Sonydan yangi smartfon

Ajoyib fotosuratlarni taqdim etuvchi kameralar, yuqori rezolyutsiyadagi displey va sifatli dinamiklarga ega bo‘lgan Sony Xperia 1 IV smartfoni taqdim etildi.
Ushbu smartfon ko‘p jihatdan Xperia Pro va Pro-I modellariga o‘xshab ketadi. Sony o‘tgan yilgi Mark 3 qurilmasida o‘zgaruvchan fokusli telefoto kamerani taqdim etgan edi. Bu faqat 70 mm va 105 mm fokus uzunligi o‘rtasida almashishi mumkin edi. Yangi modeldagi telefoto kamera esa yanada takomillashtirildi.
Sony Xperia 1 IVning telefoto kamerasi yangi dizay tufayli uzluksiz optik kattalashtirishni taklif etadi. Endi diapazon 85 millimetrdan 125 millimetrgacha kengaydi, bu esa 3,5-5x optik kattalashtirish imkonini beradi.
Orqa panelda uchta 12MP kameralar joylashgan. Optik tasvir barqarorlashtirgichiga ega bo‘lgan asosiy kamera 1/1.7 dyuymli sensorga ega. Ultrakeng kamera 1/2.5 dyuymli, telefoto kamera esa 1/3.5 dyuymli sensorlar bilan jihozlangan. Telefoto kamera, o‘z navbatida OIS va avtofokus datchiklariga ega. Odatdagidek kameralarni ishga tushirish hamda ular orqali suratga olish uchun maxsus tugma yaratilgan.
Har uchala kamera ham bir xil xususiyatga ega, jumladan 120 kadr tezlikda 4K video olish imkoniyati. Ularning barchasi FlawlessEye, Eye AF, shuningdek, Optical SteadyShot funksiyasini taklif qiladi. AF/AE va HDR yoqilgan holda soniyasiga 20 kadr tezlikda videoga olishi mumkin.
Smartfonga 120 gerts chastotada ishlovchi 6.5 dyuymli 4K AMOLED displeyi o‘rnatilgan bo‘lib, uning texnik ko‘rsatkichlari avvalgi modellarning displeyi bilan o‘xshash. Biroq, o‘tgan yilgi modelinikidan farqli ravishda yangi model displey yorqinligi 50% ga oshgan.
Qurilma Adreno 730 grafik protsessori bilan integrallashgan Snapdragon 8 Gen1 chipida ishlaydi. Demak, yuqori grafikadagi o‘yinlarni o‘ymashda muammolar bo‘lmaydi.
Android 12 operatsion tizimida ishlovchi ushbu smartfon 12GB hamda 256/512GB tezkor xotiraga ega. Xotirani microSD kartasi bilan kengaytirish mumkin.
Smartfonning narxi 1400 yevroni tashkil etmoqda. Qurilmaning narxi o‘tgan yilgi modelnikiga qaraganda 100 yevro qimmatlashgan.






