Sport maktablari tibbiy asbob-uskunalar, dori darmon va sport kiyimlari bilan taʼminlanadi

Yigʼilishda Sportni rivojlantirish vazirligiga qator vazifalar berildi.

279 ta bolalar va oʼsmirlar sport maktablaridagi shart-sharoitlar va trenerlarning malakasini joyiga borib oʼrganish hamda ularni olimpiya sport turlariga ixtisoslashtirish;

har bir sport maktabini oʼz hududidagi mahalla, maktab va texnikumlar bilan bogʼlab, ularda kamida 1 tadan olimpiya sporti toʼgaraklarini tashkil etish;

yil yakunigacha sportchilarni mahalladan boshlab tanlab olish boʼyicha elektron platformani ishga tushirish;

natija koʼrsatgan mahallalarni ragʼbatlantirish tizimini joriy etish;

sport maktablarini tibbiy asbob-uskunalar, dori darmon va sport kiyimlari bilan taʼminlash uchun joriy yilda 35 milliard soʼm ajratish;

1-sentabrgacha maktab, sport maktabi, kollej va oliygohlarning zallarini noolimpiya sport turlari klublariga bepul berish tartibini joriy etish topshiriqlari berildi.

Umuman, vazirlik va viloyat hokimlari yoshlarning 43 foizi (6 milliondan ortiq) ommaviy sport bilan muntazam shugʼullanishini taʼminlash boʼyicha zarur choralar koʼrishi shartligi koʼrsatildi.