Starlink O’zbekistonda sinovdan o’tkazilmoqda

Bir muddat avval, Starlink rasmiy saytida loyiha doirasida sunʼiy yoʼldosh internetining ishga tushish hududi va vaqti aks etgan xarita eʼlon qilingan edi. Unda koʼrsatilishicha, loyiha Oʼzbekistonda 2023-yildan ishlay boshlaydi. Ayni damda esa, Starlink mamlakatimizda sinovdan o’tkazilmoqda.
May oyida Starlink loyihasiga egalik qiluvchi SpaceX kompaniyasi vakili fazoviy texnologiyalar boʼyicha xalqaro konferensiya doirasida Toshkentga kelgan edi. АKT vazirligi va “Oʼzbekkosmos” agentligi vakillari u bilan uchrashuvda kompaniya va Starlink loyihasini Oʼzbekistonga taklif qilgandi.
Ma’lumot o’rnida, Starlink loyihasi orbitaga 12 mingdan 30 mingtagacha sunʼiy yoʼldosh olib chiqib, Yerni 3 qator boʼlib oʼrab olishni maqsad qilgan va u butun dunyoga sifatli internet yetkazib berishi kerak.
Loyiha 2019-yilda ishga tushgan va 2022-yil may holatiga koʼra, Yerning quyi orbitasiga 2400 ta kichik sunʼiy yoʼldoshlar olib chiqilgan. Starlink internetini mobil internet sifatida ishlatish uchun alohida tarif ishlab chiqilgan.
Loyiha saytida yozilishicha, Starlink kabeli internetdan ancha tezroq ishlaydi va koʼproq hududlarni qamrab oladi. Аnʼanaviy sunʼiy yoʼldoshlar sayyoradan 35 ming kilometr uzoqlikda boʼlsa, Mask taklif etayotgan Starlink Yerdan 550 kilometr uzoqlikda va shuning uchun ham u boshqa sunʼiy yoʼldoshlardan ancha tezroq ishlaydi.






