«Strategik sheriklik munosabatlarini har tomonlama mustahkamlash niyatidamiz»

Prezidentlar Shavkat Mirziyoyev va Serdar Berdimuhamedov “Ko‘ksaroy” qarorgohida tor doiradagi uchrashuv o‘tkazdilar. Davlatimiz rahbari oliy martabali mehmonni samimiy qutlar ekan, ushbu uchrashuv O‘zbekiston-Turkmaniston strategik sheriklik munosabatlari tarixida yangi sahifa ochishiga ishonch bildirdi.

“Ular zamirida azaldan mustahkam do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik, ishonch va o‘zaro qo‘llab-quvvatlash rishtalari yotadi”, - dedi O‘zbekiston Prezidenti.

Shuningdek, O‘zbekiston Prezidenti Turkmaniston Milliy Kengashi Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedovning O‘zbekiston bilan Turkmaniston o‘rtasidagi munosabatlarda yuksak darajaga erishishga va Markaziy Osiyo mintaqasida yaxshi qo‘shnichilikni mustahkamlashga qo‘shgan beqiyos hissasini qayd etdi.

“Shuni qayd etmoqchimanki, biz uchun Turkmaniston – mintaqadagi ishonchli va muhim hamkor. Bizning keng ko‘lamli hamkorlikni yanada rivojlantirish borasidagi intilishimiz qat’iy, eng yaqin qo‘shnimiz bilan strategik sheriklik munosabatlarini har tomonlama mustahkamlash niyatidamiz”, – dedi Prezidentimiz.

“Siz Gurbanguli Myalikguliyevich bilan birgalikda ikki tomonlama munosabatlarning poydevorini qurdingiz va mustahkamladingiz, hamkorlikning puxta siyosiy va huquqiy asosini yaratdingiz. Bu galgi davlat tashrifimiz strategik sheriklikka yangi surhat bag‘ishlashga qaratilgan va men qo‘yilgan maqsadlarga erishishimizga ishonaman”, - dedi Serdar Berdimuhamedov.

Uchrashuv chog‘ida davlat rahbarlari O‘zbekiston-Turkmaniston hamkorligining istiqbollarini muhokama qildilar, alohida e’tiborni savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish, o‘zaro savdoni ko‘paytirish, sanoat kooperatsiyasi loyihalarini amalga oshirish, transport-tranzit imkoniyatlaridan foydalanishga qaratdilar.

Serdar Berdimuhamedov O‘zbekiston Prezidentini o‘ziga qulay vaqtda Turkmanistonga javob tashrifi bilan kelishga taklif etdi.