Surxondaryo viloyatining yirik investitsiya loyihalari faoliyati o'rganildi

Joriy yilning 19-avgust kuni O'zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o'rinbosari – Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xodjayev rahbarligida hamda vazirliklar, idoralar va tijorat banklari rahbarlaridan iborat Tashqi savdo, investitsiyalar, mahalliy sanoatni rivojlantirish va texnik jihatdan tartibga solish masalalari bo'yicha Hukumat komissiyasi Surxondaryo viloyati ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishining hozirgi holatini o'rganish maqsadida ushbu hududga jo'nab ketdi.

Viloyat ishlab chiqarish imkoniyatlari bilan tanishuv gilam mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan "Termez National Carpets" MCHJ dan boshlandi. Bu yil ishga tushirilgan loyihaning qiymati 236 milliard so'mni tashkil etadi. Korxonada Germaniya, Belgiya va Turkiyadan olib kelingan uskunalar o'rnatildi. 250 ga yaqin mutaxassis ishlaydigan zavodning ishlab chiqarish quvvati bugungi kunda yiliga 4,5 million kvadrat metr mahsulotni tashkil etadi.

Yo'nalishdagi yana bir yirik investitsiya loyihasi - 2,2 million dollar qiymatidagi "Termiz-Agro-Impex" MCHJ bo'ldi. Korxona yiliga 300 tonna qishloq xo'jaligi mahsulotlarini ishlab chiqaradi, ularning 80% eksport qilinadi. Bu yerda 45 kishi ish bilan ta'minlangan, o'zlarining muzlatgichlari mavjud.

Tashrif buyurilgan obyektlarda bo'lib o'tgan muloqotda tadbirkorlar o'z muammolari va respublikaning investitsiyaviy jozibadorligini yuksaltirish bo'yicha takliflari bilan o'rtoqlashdilar. Mas'ul rahbarlarga bildirilgan barcha masalalarni hal etish choralarini ko'rish va konstruktiv takliflarni respublika darajasida kompleks qarorlar tayyorlashda inobatga olish bo'yicha topshiriqlar berildi.