Taʼlim darajasi, avvalo, oʼqituvchining bilim va malakasiga bogʼliq

Joriy yilning 17-yanvar kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev maktablarda taʼlim-tarbiya sifatini oshirish, ixtisoslashtirilgan maktablar faoliyatini takomillashtirish masalalari boʼyicha videoselektor yigʼilishi oʼtkazdi.

2019-yilda yurtimizda 271 ta ixtisoslashtirilgan maktab bor edi. Prezidentimizning aniq fanlar va xorijiy tillarni oʼrgatishga oid tashabbuslari, qabul qilgan qarorlari natijasida matematika va fizika fanlari boʼyicha 126 ta, kimyo-biologiya boʼyicha 87 ta, axborot texnologiyalari yoʼnalishida 99 ta, xorijiy tillar boʼyicha 207 ta ixtisoslashtirilgan maktab tashkil topdi.

Bugungi zamon talabi, kelgusidagi taraqqiyot surʼatiga munosib boʼlish uchun bu yetarli emas. Shu bois yigʼilishda ixtisoslashtirilgan maktablar qamrovini kengaytirish, taʼlim sifatini oshirish masalalari muhokama qilindi.

– Bir narsani chuqur tushunib olishimiz kerak: iqtisodiyotimizga juda katta marra olganmiz. Bu yil eksportimizni 14 milliard dollarga chiqarmoqchimiz. 2025-yilga qadar mamlakatimiz yalpi ichki mahsulotini 100 milliard dollarga, eksport hajmini 30 milliard dollarga yetkazishni reja qilganmiz. Buni kim qiladi? Bilimli kadrlar! – deya taʼkidladi Prezident.

Ixtisoslashtirilgan maktablar bosqichma-bosqich Prezident taʼlim muassasalari agentligi tizimiga oʼtkazilishi belgilandi.

– Bu Аgentlikni faqat 14 ta maktab uchun tuzganimiz yoʼq. U Prezident maktablaridagi muhitni, metodikani boshqa maktablarga ham olib kirishi kerak, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Shuning uchun yangi oʼquv yilidan boshlab, Nukus shahri va viloyat markazlarida ikkitadan, tuman va shaharlarda bittadan maktab tanlab olinib, Prezident taʼlim muassasalari agentligi tizimiga oʼtkaziladigan boʼldi. Bunda oʼsha hududda rivojlangan tarmoqlar, azaldan kuchli oʼqitilgan fanlarga alohida eʼtibor qaratish zarurligi qayd etildi. Shu maqsadda ishchi guruh tuzib, hududlardagi sharoitlarni oʼrganish, tanlangan maktablarni yangi standartlar asosida oʼquv yiliga tayyorlash yuzasidan koʼrsatmalar berildi.

Ixtisoslashtirilgan maktablarga qabul tartibi, oʼquvchi va muallimlar bilimini baholash tizimini ham qayta koʼrib chiqish kerakligi aytildi.

Taʼlim darajasi, avvalo, oʼqituvchining bilim va malakasiga bogʼliq. Shu bois ixtisoslashtirilgan maktablarga rahbar va pedagoglar ikki bosqichli tanlov asosida qabul qilinadi. Prezident taʼlim muassasalari agentligiga ushbu tizim asosida yuqori malakali oʼqituvchilarni jamlab, qoʼshimcha oʼqitish, milliy va xalqaro sertifikatlar olishiga koʼmaklashish topshirildi.

Аgentlikning Pedagogik mahorat va xalqaro baholash markazi negizida ilmiy markaz tashkil etish vazifasi qoʼyildi. U ixtisoslashtirilgan maktablarning har bir yoʼnalishi boʼyicha xalqaro metodika asosida ilgʼor taʼlim dasturlari ishlab chiqish bilan shugʼullanadi.

Bu ishlarni samarali tashkil etish uchun Qoraqalpogʼiston Respublikasi va har bir viloyatda Prezident taʼlim muassasalari agentligining hududiy boʼlimlari tashkil etilishi belgilandi.

Davlatimiz rahbari maktablarda xorijiy tillarni oʼqitish sifati pastligini keskin tanqid qildi.

– Rivojlangan mamlakatlarda oliygohda til oʼrgatmaydi. Chunki talabalar yoshligidanoq ikkita tilni biladi. Biz 1-sinfdan 11-sinfgacha chet tilini oʼrgatamiz. Lekin maktabni bitirgan bolalarning necha foizi shu tilda gaplasha oladi?! Bunga davlatning qancha puli ketayapti! Qani natijadorlik, – deya haqli savol qoʼydi Prezident.

Xalq taʼlimi vazirligi tizimidagi boshqa maktablarda ham taʼlim sifatini oshirish, fanlar va xorijiy tillarni chuqur oʼrgatish masalalariga toʼxtalib oʼtildi.

– Taʼlim tizimini “oyoqqa qoʼymas” ekanmiz, islohotlar amalga oshmaydi. Buni bitta vazirlik yoki agentlik ham qilolmaydi. Bunga butun xalqimiz, jamiyatimiz mahkam kirishishi kerak. Najotimiz maktabda, najotimiz taʼlimda, najotimiz bilimda, – deya taʼkidladi davlatimiz rahbari.