«Tabarruk ziyorat» turizm platformasi ishga tushiriladi

28-fevral kuni Madaniyat va turizm vazirligida “Tabarruk ziyorat” turizm platformasini takomillashtirish masalasiga bag‘ishlangan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Unda Turkiy davlatlar tashkiloti (TDT) kotibiyati, Ichki va ziyorat turizmini rivojlantirish bo‘limi, Xalqaro islom akademiyasi, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi hamda Fanlar Akademiyasining ziyorat turizmi ekspertlari ishtirok etdi.

Ta’kidlash lozimki, Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo va kuzatuvchi davlat rahbarlarining 2021-yil 12-noyabrda Istanbul shahrida boʻlib oʻtgan uchrashuvida Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev tomonidan “Tabarruk ziyorat” loyihasi doirasida qo'shma yo'l xaritasini ishlab chiqish va Qoʻqon shahrini birinchi “Turkiy dunyo turizm poytaxti” sifatida e’tirof etish orqali hamkorlikda hunarmandlar koʻrgazmalari, etnosport musobaqalari hamda madaniy merosni saqlash va ta’mirlash kabi tadbirlarni tashkil etish tashabbuslari ilgari surilgan.

Uchrashuvda “Tabarruk ziyorat” turizm platformasini O‘zbekistonning turkiy dunyo sivilizatsiyasida tutgan o‘rnini ko‘rsatib beruvchi sifatli ma’lumotlar bilan to‘ldirish borasida fikr-mulohazalar, takliflar bildirildi.