Tadbirkorlarga mehmonxona boʼyicha yer va mol-mulk soligʼi stavkasi 90 foizga kamaytiriladi

“Xizmatlar sohasini rivojlantirishga oid qoʼshimcha chora-tadbirlar toʼgʼrisida”gi Prezident qarori (PQ–104-son, 27.01.2022 y.) qabul qilindi
Qarorga koʼra, xizmatlar sohasini rivojlantirishning ustuvor yoʼnalishlari belgilandi.
Shuningdek, tadbirkorlarga 2022-yil 1-yanvardan 2027-yil 1-yanvarga qadar mehmonxona va maydoni 5 ming kvadrat metrdan yuqori boʼlgan savdo komplekslari boʼyicha:
• yer soligʼi va mol-mulk soligʼi stavkasi 90 foizga kamaytiriladi;
• foyda soligʼini hisoblashda binolarning qiymati 2 yil amortizatsiya xarajatlari sifatida chegirib tashlanadi.
2022-yil 1-apreldan 2025-yil 1-yanvargacha 28 ta tuman va shaharlarda umumiy ovqatlanish, mehmonxona, savdo, koʼngilochar, turoperator va turagent xizmatlarini koʼrsatayotgan tadbirkorlar uchun:
• aylanmadan olinadigan soliq – 1 foiz;
• mol-mulk va yer soligʼi hisoblangan summaning 1 foizi miqdorida belgilanadi.
Shuningdek, 2022 yil 1 iyuldan mazkur tumanlar va shaharlarda turizm obʼektlarini qurish uchun yer uchastkalarini elektron onlayn-auktsion savdosiga chiqarish tartibi joriy etiladi.






