Tadbirkorlarning muammolari o’rganildi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyevning tadbirkorlar bilan navbatdagi “Ochiq muloqot” tadbiri joriy yilning 20-avgust kuni o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Mazkur tadbirga har tomonlama puxta tayyorgarlik ko‘rish maqsadida, Ipakchilik va jun sanoatini rivojlantirish qo‘mitasi hamda Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi hamkorligida videokonferensiya shaklida onlayn yig‘ilish o‘tkazildi.
Yig'ilishda, “O‘zbekipaksanoat” uyushmasi hamda "Yaylov xo'jaligini rivojlantirish" uyushmasi tizimidagi korxonalar o‘rtasidagi raqobat muhitini yanada yaxshilash, tadbirkorlar faoliyatida yuzaga keladigan raqobatga zid vaziyatlarni aniqlash va bu yo‘nalishlarni yanada takomillashtirish muhimligi ta’kidlandi.
Qo‘mita raisi Bahrom Sharipov boshchiligida tashkil etilgan yig‘ilishda markaziy apparat xodimlari, Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari A.Qayumov va qo‘mita hududiy boshqarmalari rahbarlari,yuzdan ortiq korxona ta'sischilari hamda tadbirkorlar ishtirok etdi. Bugungi kunda tadbirkorlar duch kelayotgan muammo va to‘siqlar yuzasidan murojaatlar tinglandi.
Shuningdek, qo‘mita raisi Bahrom Sharipov Monopoliyaga qarshi kurash qo‘mitasi bilan birgalikda “Tadbirkorlar bilan muloqot o‘n kunligi”ni tashkil etish taklifini bildirdi. Ushbu 10 kun davomida har bir tadbirkorni tashvishga solayotgan muammolar puxta o‘rganilib, tezkorlik bilan hal etiladi.






