Tadbirkorlik sohasidagi majburiy talablarning yagona reyestri joriy qilinadi

Prezident Shavkat Mirziyoyevga tadbirkorlik faoliyatini soddalashtirish bo‘yicha qilinayotgan ishlar haqida axborot berildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Tadbirkorlik faoliyatini davlat tomonidan tartibga solishni soddalashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoniga muvofiq, Taraqqiyot strategiyasini “Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturidan kelib chiqqan holda, tadbirkorlarning zamonaviy faoliyat yuritishiga to‘sqinlik qilayotgan talablar qayta ko‘rib chiqilib, bir qator yengilliklar joriy qilindi.
Xususan, tadbirkorlikni davlat tomonidan tartibga solish vositalari aniq belgilandi. Bular davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, litsenziyalash va ruxsat berish, texnik tartibga solish, tarif va notarif tartibga solish, majburiy sug‘urta, davlat nazorati, raqobatni himoya qilish, javobgarlik o‘rnatish kabilardir.
Tahlillardan kelib chiqib, ko‘plab tartib-taomillar ham qisqartirildi. Masalan, tadbirkorlik subyektining ustav fondi kamaytirilayotganida kreditorlarni yozma ravishda xabardor qilish, elektr energiyasi ortiqcha iste’mol qilinganida uni uzib qo‘yish, yakka tartibdagi tadbirkor tomonidan yollangan xodimlarni soliq organlarida alohida hisobga qo‘yish kabi jarayonlar ko‘p ovoragarchilikka sabab bo‘layapti. 2023-yil 1-yanvardan bunday majburiy talablar bekor qilinadi.
Shuningdek, tadbirkorlik sohasidagi majburiy talablarning yagona reyestrini joriy qilish mo‘ljallangan. U ikki bosqichda shakllantirilib, 2025-yil 1-iyuldan to‘liq ishga tushiriladi. Bu reyestrga kiritilmagan talablar bo‘yicha tadbirkorga nisbatan javobgarlik belgilash taqiqlanadi.
Shuningdek, 2023-yil 1-yanvardan boshlab soliq organlariga moliyaviy hisobotlarni har chorakda taqdim qilish, 9 xil statistika hisobotlarini topshirish amaliyoti bekor qilinadi.
Davlatimiz rahbari mutasaddilarning axborotini tinglab, ushbu farmon ijrosini samarali tashkil etish, mamlakatimizda tadbirkorlik faoliyatini yuritishni soddalashtirish, qulay biznes muhitini yaratish ishlarini izchil davom ettirishga ko‘rsatma berdi.






