Tadbirkorlik subyektlarining faoliyati 3 yildan oshganda 5 milliard so‘mgacha kreditlar ajratiladi

“Hududlarda tadbirkorlik loyihalarini moliyalashtirish mexanizmlarini yanada kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori qabul qilindi.
Qarorga ko’ra:
Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Moliya vazirligi hamda Markaziy bankning kichik tadbirkorlik subyektlari faoliyatini moliyalashtirish uchun tijorat banklariga Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasining mablag‘lari hisobidan 300 million AQSH dollari ekvivalentida kredit liniyasini ajratish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullanadi;
kredit liniyasi tijorat banklariga 7 yil muddatga, shu jumladan, 3 yillik imtiyozli davr bilan yillik 10 foiz stavkada milliy valyutada ajratiladi;
tijorat banklari tomonidan kreditlar ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish sohasidagi loyihalarni amalga oshirish (bundan qurilish, savdo, vositachilik sohasidagi loyihalar, shuningdek, aksizosti tovarlar ishlab chiqaruvchilar, davlat korxonalari va ustav jamg‘armasida (ustav kapitalida) davlat ulushi mavjud bo‘lgan yuridik shaxslar hamda aylanma mablag‘larni to‘ldirish holatlari mustasno) uchun yillik 14 foiz stavkada, 5 yilgacha muddatga, shu jumladan, 2 yilgacha bo‘lgan imtiyozli davr bilan 5 milliard so‘mgacha miqdorda ajratiladi;
tadbirkorlik subyektlarining faoliyat davri 6 oygacha bo‘lganda 1 milliard so‘mgacha, 6 oydan 1 yilgacha bo‘lganda 2 milliard so‘mgacha, 1 yildan 2 yilgacha bo‘lganda 3 milliard so‘mgacha, 2 yildan 3 yilgacha bo‘lganda 4 milliard so‘mgacha va 3 yildan oshganda 5 milliard so‘mgacha kreditlar ajratiladi;
kredit liniyasi mablag‘larining kamida 70 foizi Nukus shahridan, viloyatlarning ma’muriy markazlaridan va viloyat bo‘ysunuvida bo‘lgan shaharlardan tashqari hududlarda faoliyat ko‘rsatayotgan tadbirkorlarga ajratiladi.






