Taekvondo akademiyasining asosiy vazifalari belgilandi

“O'zbekiston taekvondo akademiyasi va ixtisoslashtirilgan taekvondo markazlari faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to'g'risida”gi Hukumat qarori qabul qilinib, taekvondo akademiyasining asosiy vazifalari belgilandi.

Taekvondo (WT) bo'yicha ilg'or tajribalarni o'rganish, tavsiyalar ishlab chiqish, xorijiy mamlakatlarning yetakchi muassasalari bilan xalqaro aloqalarni rivojlantirish shular jumlasidandir.

2023-yil 1-fevralgacha hududlarda ixtisoslashtirilgan taekvondo markazlarini tashkil etish uchun foydalanilmayotgan bo'sh binolar taekvondo (WT) assotsiatsiyasining hududiy bo'linmalariga vaqtinchalik foydalanish uchun bepul ajratiladi va ular faoliyati yo'lga qo'yiladi.

Qarorga ko'ra, Taekvondo akademiyasiga fuqarolar va chet el fuqarolari kasbiy mahorati va malakasini oshirish uchun to'lov-kontrakt asosida qabul qilinadi.

Ma'lumot uchun: Prezidentning 2022-yil 29-iyuldagi qaroriga muvofiq Taekvondo (WT) assotsiatsiyasi tizimida Taekvondo akademiyasini hamda 2023-2024 yillarda hududlarda 14 ta ixtisoslashtirilgan taekvondo markazlarini tashkil etish belgilangan.