Talabalar uchun davlat tashkilotlarida pulli “stajirovka” joriy qilinadi

Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun boʻlib oʻtayotgan yigʻilishda 1-iyundan boshlab “yoshlar daftari”ga kirgan talabalar uchun davlat tashkilotlarida ish haqi toʻlanadigan stajirovka tizimini joriy qilishni topshirdi.

Shuningdek, yoshlar oʻrtasida IT, reklama, kino, arxitektura, dizayn, marketing, hunarmandchilik, rassomchilik kabi yoʻnalishlarga qiziqish ortib borayotganini hisobga olib, viloyat hokimlariga yil yakunigacha bittadan “Kreativ park” tashkil qilishni buyurdi. Ularda IT park rezidentlariga berilgan imtiyoz va yengilliklar qoʻllanadi.

Bu maqsadlar uchun “Yangi Oʻzbekiston yoshlari tashabbuslari” jamgʻarmasi va elektron platformasi tashkil qilinadi. Jamgʻarmaga 100 million dollar yoʻnaltiriladi. Bu mablagʻlar iqtidorli yoshlarning eng yaxshi gʻoya, startap va loyihalariga qulay va yengil shartlarda, zarur boʻlsa, foizsiz va garovsiz ajratiladi.