Ta'lim, madaniyat va sog'liqni saqlashning yangi obyektlarini qurish

Prezident Shavkat Mirziyoyev 20-sentabr kuni qurilish loyihalari bilan tanishdi.

Taqdimot davomida turkiyalik muhandislar bilan birgalikda yaratilgan "Yangi O'zbekiston" universiteti kampus loyihasi taqdim etildi.

Tadbirda ushbu loyihaning asosiy jihatlari, bo‘lajak binoda yaratiladigan sharoitlar haqida ma’lumot berildi.

Taqdimotda yangi kutubxona loyihasi ham ko‘rib chiqildi. Bu ma’naviyat uyi Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy bog‘i hududida barpo etiladi. Uning tashqi ko‘rinishi yurtimizdagi qadimiy obidalarga uyg‘un tarzda loyihalashtirilgan. Ulkan kitob fondini saqlash, mutolaa, madaniy hordiq chiqarish, turli tadbirlar o‘tkazish bilan bog‘liq barcha jihatlar inobatga olingan.

Davlatimiz rahbari shu yil 14 may kuni Respublika onkologiya va radiologiya tibbiyot markaziga borib, sharoitlarni ko‘zdan kechirgan edi. Ushbu markaz uchun yangi bino qurish vazifasi qo‘yilib, Toshkent tibbiyot akademiyasi klinikasi hududidan yer ajratildi.

Prezidentimiz, qurilishlarni xalqaro standartlar asosida, sifatli amalga oshirish, binolarga xizmat ko‘rsatadigan texnik xodimlarni hozirdan tayyorlab borish yuzasidan ko‘rsatmalar berdi.