Ta’lim va madaniyat maskanlari loyihalari ko‘rib chiqildi

Prezident Shavkat Mirziyoyev joriy yilning 18-aprel kuni, “Yangi O‘zbekiston” universiteti, davlat muzeylari rekonstruksiyasi yangi akvapark va gullar bog'ining qurilish loyihalari taqdimoti bilan tanishdi.

Ma’lumki, davlatimiz rahbarining 2021-yil 23-iyundagi qaroriga muvofiq, “Yangi O‘zbekiston” universiteti tashkil etilgan edi. Qarorda mazkur universitet uchun yer ajratish, xorijiy mutaxassislarni jalb etgan holda zamonaviy o‘quv kampusi loyihasi ishlab chiqish va qurish vazifasi belgilangan.

Tadimotda dastlab ushbu loyiha ko‘rib chiqildi. Universitet uchun poytaxtimizning Mirzo Ulug‘bek tumani Do‘rmon yo‘li ko‘chasi bo‘yida 30 gektar yer ajratilgan. Majmua loyihasi Turkiyaning “Outdoor Factory” kompaniyasi bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan. Unga ko‘ra, bu yerda 5 ta fakultet uchun o‘quv binolari, ma’muriyat, o‘qituvchilar va talabalar uchun yotoqxonalar, oshxona, kutubxona, laboratoriya, sport saroyi va stadion barpo etiladi.

Hozir bu hududda Prezident maktabi bor. Kelgusida Prezident ta’lim muassasalari agentligi ham shu yerda joylashadi. Shu tariqa, hudud ta’limga ixtisoslashgan yaxlit majmua bo‘ladi.

Yana bir loyiha kelgusida davlat muzeylarini rekonstruksiya qilishga qaratilgan. Unga ko‘ra, binolarning arxitekturasi va tarixiy qiymatini saqlab qolgan holda ichki sharoitlarini yaxshilash, zamonaviy texnikalar bilan jihozlash rejalashtirilgan.

Yashnobod tumanidagi “Texnopark” hududida akvapark barpo etish loyihasi ham istiqbolli. Buning uchun hozirda foydalanilmay turgan bino bilan birga 4,5 gektar yer mo‘ljallangan. Majmua to‘g‘ridan-to‘g‘ri chet el investitsiyasi evaziga barpo etiladi. Bu yerda ochiq va yopiq suv havzalari, attraksionlar, tamaddixona, o‘yin maydonchalari bo‘ladi.

Ma’lumki, mamlakatimizda “Yashil makon” umummilliy loyihasi amalga oshirilmoqda. Shunga mutanosib ravishda, Yunusobod tumanidagi Astronomiya parki hududida gullar bog‘i barpo etish rejalashtirilgan.

Taqdimotda shaharlararo yo‘l infratuzilmasini yaxshilash chora-tadbirlari ham muhokama qilindi. Xususan, Pop tumani bilan Namangan shahri o‘rtasidagi avtomobil yo‘lini kengaytirish loyihasi ko‘rib chiqildi.