Tanzila Narbayeva Jahon bankining Yevropa va Markaziy Osiyo boʼyicha vitse-prezidenti bilan uchrashdi

Senat Raisi Tanzila Narbayevaning Jahon bankining Yevropa va Markaziy Osiyo mamlakatlari boʼyicha vitse-prezidenti Аnna Byerde bilan uchrashuvi boʼlib oʼtdi.
Tomonlar hamkorlikning bugungi holati va istiqbollari, shu jumladan, qishloq joylarda ayollar tadbirkorligini rivojlantirish bilan bogʼliq masalalarni muhokama qildilar.
Oʼzbekistonning Jahon banki bilan konstruktiv hamkorligi mamlakatimizda soʼnggi yillarda amalga oshirilayotgan tub oʼzgarishlar natijasida yangicha tus olgani alohida taʼkidlandi.
Jahon banki rahbari pandemiyaga qaramay, Oʼzbekiston iqtisodiy oʼsish kuzatilayotgan dunyodagi kam sonli davlatlardan biri ekanini taʼkidladi.
Аnna Byerde soʼnggi 5 yilda amalga oshirilgan samarali islohotlar tufayli respublika COVID-19 pandemiyasiga muvaffaqiyatli qarshi kurasha olgani hamda keyingi muhim oʼzgarishlar uchun barqaror zamin yaratganini taʼkidladi. Jahon banki loyihalar va dasturlar orqali bu yoʼlda Oʼzbekistonni qoʼllab-quvvatlashni davom ettirishga tayyorligini bildirdi.
Bundan tashqari, tomonlar 2021-2022–yillarda yoshlar va xotin-qizlar oʼrtasida tadbirkorlikni rivojlantirish, qishloq joylarda tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlarini davom ettirish va inson kapitalini oshirishda Bank tomonidan taklif etiladigan istiqbolli loyihalarni ham muhokama qildilar.






