Tanzila Narbayeva Sharlott Adrian bilan uchrashuv o‘tkazdi

Unda Yevroittifoq bilan hamkorlikda qator sohalarni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

2021-yil 9-oktyabr kuni Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva Elchi, Yevropa Ittifoqining Oʼzbekiston Respublikasidagi delegatsiyasi rahbari Sharlott Аdrian bilan uchrashdi.

Doʼstona va konstruktiv muhitda oʼtgan muloqotda Oʼzbekiston va Yevropa Ittifoqi oʼrtasidagi ikki tomonlama munosabatlarning holati va rivojlanish istiqbollari, shu jumladan, parlamentlararo aloqalarni faollashtirish masalalari muhokama qilindi.

Yevropa tomoni mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlarni yuqori baholab, Oʼzbekiston yanada yaqin xalqaro hamkorlikka ochiqligini, investitsiyalar va iqtisodiy oʼsish uchun sharoitlar yaratilganini taʼkidladi.

Ishtirokchilarning fikriga koʼra, Oʼzbekiston «GSP+» Preferentsiyalar bosh tizimi plyus benefitsiar mamlakati maqomini olgani respublikada amalga oshirilayotgan islohotlar, shu jumladan, ishbilarmonlik muhiti yaxshilanganining eʼtirofidir.

Muloqotda Yevropa Ittifoqining 2021-2027-yillarda 3 ta muhim yoʼnalish boʼyicha amalga oshiriladigan islohotlari haqida maʼlumot berildi.

Shuningdek, uchrashuvda savdo-iqtisodiy aloqalar, taʼlim, ilmiy tadqiqotlar, innovatsiyalar va atrof-muhitni muhofaza qilish, gender tenglik va oʼzaro manfaatli boshqa sohalardagi hamkorlikni rivojlantirish masalalari koʼrib chiqildi.