Tata Group «Air India» va «Vistara» aviakompaniyalarini birlashtiradi

Hindistonning Tata Group konglomerati o'zining ichki va xalqaro aviatarmoqdagi faoliyatini mustahkamlash hamda yirik aviatashuvchi yaratish uchun Air India va Singapur havo yo'llari (SIA) bilan birgalikda tashkil qilingan Vistara aviakompaniyalarini birlashtirishini ma'lum qildi.

Bunda avtomobil va po'lat ishlab chiqaruvchi Tata konglomerati qo'shma korxonaning 74,9 foiziga, SIA esa qolgan 25,1 foiziga egalik qiladi.

Qayd etish joizki, shartnoma Hindistonning yirik IndiGo aviakompaniyasiga kuchli raqib yarata oladi va ichki bozorda yetarlicha ulushga ega bo'lmagan Singapur havo yo’llarini dunyodagi eng tez rivojlanayotgan aviatsiya bozorlaridan birida mustahkam o'rin egallashi uchun zamin yaratadi.

P.S. Hindistonning eng yirik yo'lovchi aviakompaniyasi sanalgan IndiGo 2006-yilda tashkil etilgan bo’lib, shu yilning oktabr oyi holatiga ko'ra bozor ulushi 56,7 foizni tashkil etgan. Hindistonning eng yirik xalqaro tashuvchisi bo’lgan Air India esa, ikkinchi yirik mahalliy aviakompaniyadir.