Tatariston prezidenti Rustam Minnixanov Oʼzbekistonga tashrif buyurdi

Joriy yilning 22-mart kuni Tatariston prezidenti Rustam Minnixanov ishchi tashrif bilan Oʼzbekistonga keldi. Toshkent xalqaro aeroportida uni Rossiyaning Oʼzbekistondagi elchisi Oleg Malginov va Oʼzbekiston Bosh vazir oʼrinbosari — Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzakov kutib oldi.
23-mart kuni Minnixanov Oʼzbekiston hukumatining qator vakillari bilan muzokaralar oʼtkazadi. Minnixanov mamlakatga tashrifi davomida Tataristonning «Ximgrad» texnopolisi bilan hamkorlikda «Chirchiq» kimyo-industrial texnoparkini tashkil etilishi munosabati bilan oʼtkazilayotgan marosimda qurilishga tamal toshini qoʼyadi.
Oʼzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Tatariston prezidenti Rustam Minnixonov qarori bilan «Oʼzkimyosanoat» АJ hamda «Ximgrad» texnopolislari tomonidan Toshkent viloyatining Chirchiq shahrida ishlab chiqarishni mahalliylashtirishga moʼljallangan sanoat parki tashkil etilmoqda.
Texnopark yuqori qiymatga ega boʼlgan, tashqi bozorda xaridorgir va import oʼrnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarishni tashkil etish uchun xorijiy va mahalliy investitsiyalarni keng jalb qiladi. Texnoparkning faoliyat koʼrsatish muddati keyinchalik uzaytirish imkoniyati bilan 30 yilni tashkil etadi.
Texnopark hududida MIZ uchun belgilangan alohida soliq, bojxona va valyuta tartibotlari amal qiladi. Bunda Soliq kodeksi va «Maxsus iqtisodiy zonalar toʼgʼrisida»gi qonunda belgilangan soliq imtiyozlari, shuningdek, bojxona toʼlovlari boʼyicha imtiyozlar texnopark ishtirokchilari, direktsiya va boshqaruv kompaniyasi tomonidan kiritilgan investitsiyalar hajmidan qatʼi nazar, 10 yil muddatga beriladi.
Texnopark ishtirokchilariga Tadbirkorlik faoliyatini qoʼllab-quvvatlash davlat jamgʼarmasi tomonidan investitsiya loyihalarini amalga oshirish doirasida, shu jumladan, aylanma mablagʼlarni toʼldirish uchun beriladigan bank kreditlari summasining 50 foizigacha, biroq 8 milliard soʼmdan koʼp boʼlmagan miqdorda kafilliklar, investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun ajratiladigan kreditlar boʼyicha foiz xarajatlarini qoplash uchun kompensatsiyalar taqdim etiladi.






