TDT: «Aqlli shaharlar» masalalariga ixtisoslashgan IT mutaxassislar uchun ekspertlar konferensiyasi

Poytaxtimizda 17-21-oktabr kunlari o’tkazilayotgan “InnoWeek 2022” Xalqaro innovatsion gʻoyalar haftaligi doirasida joriy yilning 20-oktabr kuni Turkiy davlatlar tashkiloti mintaqasida “Aqlli shaharlar” masalalariga ixtisoslashgan IT-mutaxassislar uchun ekspertlar konferensiyasi o‘tkaziladi.

Har yili oʻtkaziladigan Xalqaro innovatsion gʻoyalar haftaligi (“InnoWeek 2022”) 2022-yilning 17-21-oktabr kunlari Oʻzbekiston poytaxti Toshkent shahrida “Barqaror rivojlanish uchun yashil innovatsiyalar” mavzusida boʻlib oʻtadi.

Uning doirasida Xalqaro interaktiv toʻlov, Xalqaro innovatsiyalar va investitsiya forumi, Xalqaro robototexnika tanlovi (IRC), “Technoways” marafoni, Xalqaro sunʼiy intellekt konferensiyasi, Osiyo va Tinch okeani texnologiyalar transferi markazi (APCTT) mintaqaviy seminari va boshqa koʻplab tadbirlar tashkil etiladi.

Shuningdek, 2022-yil 20-oktabr kuni Toshkent shahrida “InnoWeek 2022” ko‘rgazmasi doirasida Turkiy davlatlar tashkiloti mintaqasida “Aqlli shaharlar” masalalariga ixtisoslashgan IT-mutaxassislar uchun ekspertlar konferensiyasi o‘tkaziladi. Konferensiyadan koʻzlangan maqsad TDT hududidagi “aqlli shaharlar”ning bugungi kundagi rivojlanishiga oid soʻnggi maʼlumotlar va tajribalar bilan oʻrtoqlashish hamda tegishli davlat organlariga tavsiyalar berish uchun platforma yaratishdan iborat.

Konferensiyada Turkiy davlatlar tashkilotiga aʼzo va kuzatuvchi davlatlardan tegishli muassasalar ekspertlari hamda ushbu sohada faoliyat yurituvchi IT-kompaniyalar vakillari ishtirok etadilar.