TDT: Transport sohasidagi o'zaro hamkorlik aloqalarining yangi bosqichi

Joriy yilning 28-oktabr kuni Toshkentda Turkiy Davlatlar Tashkiloti Transport Vazirlarining 6-yigʼilishi bo'lib o'tdi. Yig’ilishda, tashkilotga a’zo O'zbekiston, Turkiya, Qirg'iziston, Qozog'iston, Ozarbayjon va kuzatuvchi davlat sanalgan Vengriya hamda Turkmaniston Trasnport vazirlari va mutasaddilar ishtirok etdilar.

Tadbir O'zbekiston Respublikasi transport vaziri Ilhom Maxkamov tomonidan Turkiy Davlatlar Tashkiloti Bosh kotibi Bag'dod Amreyev moderatorligi ostida o'tkazildi.

Yig’ilishda, Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkiy davlatlar tashkilotining 8-sammitida “Turkiy davlatlar tashkilotining transport sohasidagi oʼzaro bogʼliqlik dasturi”ni ishlab chiqish tashabbusini ilgari surgani, Oʼzbekiston rahbari tomonidan taklif etilgan transport sohasidagi oʼzaro bogʼliqlik dasturi tegishli infratuzilmani yaratishda tashkilotga aʼzo mamlakatlar faoliyatini muvofiqlashtirishni takomillashtirishga qaratilganligi bilan ahamiyatli ekani alohida ta’kidlandi.

Tadbirda, transport sohasidagi o'zaro hamkorlik aloqalarining ahamiyati, tashkilotga aʼzo davlatlar o'rtasida xalqaro yuk tashuvlari jarayonlarini yanada rivojlantirish, mintaqada tranzit salohiyatni oshirish hamda muqobil transport yoʼnalishlarini rivojlantirish bilan bogʼliq masalalar muhokama qilinib, tomonlar bir ovozdan transport TDTga a'zo davlatlar o'rtasida doimiy hamkorlik qilishning asosiy yo'nalishlaridan biri ekanligini ta'kidladilar.

Yig’ilish yakunlari boʼyicha ikki muhim hujjat: Oʼzbekiston tomonidan ilgari surilgan "Turkiy davlatlar tashkilotiga aʼzo davlatlar oʼrtasida xalqaro aralash yuk tashish toʼgʼrisida" Bitim va Oʼzbekiston Respublikasi Transport vaziriligi tomonidan ishlab chiqilgan "Transport sohasida oʼzaro bogʼliqlik Dasturi" kelishildi.

Shuningdek, yig’ilish doirasida O'zbekiston Transport vazirligi hamda Turkiyaning transport va infratuzilma vazirligi bilan hamkorlikda amalga oshirilgan, ruxsatnoma blankalarini elektron ayirboshlash tizimi “E-permit” loyihasini ishga tushirish marosimi bo’lib o’tdi.