«Termiz xalqaro savdo markazi» o‘zbek-afg‘on xalqlarining iqtisodiy aloqalari uchun yangi imkoniyat

14-oktabr kuni Toshkent shahridagi “Kongress hall”da “Termiz xalqaro savdo markazi” erkin savdo zonasi hududida yaratilgan imkoniyatlar taqdimoti o’tkazildi.
Tadbirda investitsiyalar va tashqi savdo vazirining o‘rinbosari Olimxon Rustamov, vazirlik, idoralar, tarmoq birlashmalari va tijorat banklari rahbarlari, O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan afg‘onistonlik ishbilarmonlar, shuningdek, 600 ga yaqin yirik korxonalar vakillari, ishlab chiqaruvchilar va eksportchilar ishtirok etdi.
“Termiz xalqaro savdo markazi”da tadbirkorlikni rivojlantirish, markaz hududida qo‘shni afg‘onistonlik va xorijiy tadbirkorlar uchun yaratilgan imkoniyat va preferensiyalar, eksport-import aylanmasini oshirish kabi masalalar kun tartibidagi asosiy o‘rinni egalladi.
Vazirlik rahbariyati “Termiz xalqaro savdo markazi” erkin savdo zonasi hududida yaratilgan imkoniyatlar, investitsyaviy muhit, zamonaviy infratuzilma yechimlari bilan tanishtirdi. Xorijiy mehmonlar Markaz boʻylab 10 kun davomida vizasiz sayohat qilishlari, doʻkonlar xarid qilish, chakana va ulgurji savdoni amalga oshirish, shuningdek, savdo joylarini 4-5 oyga bepul ijaraga olish imkoniyati yaratilishi taʼkidlandi. “Termiz xalqaro savdo markazi” o‘zbek va afg‘on xalqlari uchun katta imkoniyatlar va savdo-iqtisodiy aloqalarni yanada mustahkamlashga yo‘l ochadigan eshik ekani ta’kidlandi.
Taqdimot dasturi doirasida ikki mamlakat ishbilarmon doiralari vakillari o‘zaro aloqalarni almashish va hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari hamda yangi qo‘shma loyihalarni amalga oshirish istiqbollarini muhokama qilish imkoniyatiga ega bo‘lgan B2B uchrashuvlari ham tashkil etildi.
Ma’lumot uchun: Markazning to‘liq quvvat bilan ishga tushirilishi O‘zbekiston va Afg‘oniston o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmini yiliga 1,2 milliard dollargacha oshiradi. Afg‘oniston bozoriga jo‘natilayotgan barcha mahsulotlarning 90 foizigacha markaz orqali o‘tishi mumkin bo‘ladi.






