Termizda O'zbekiston–Afg'oniston o'rtasida muzokaralar yakunlandi

Ma‘lum qilinishicha, muzokaralarda O'zbekiston delegasiyasiga investisiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov va Afg'oniston tomonidan muvaqqat hukumat rahbari o'rinbosari vazifasini bajaruvchi Abdulsalom Hanafiy boshchilik qilgan.

Muzokaralar davomida turli vazirlik va idoralar vakillari savdo-iqtisodiy aloqalar, chegara xavfsizligini ta‘minlash, energetika, xalqaro yuk tashish va tranzit sohasidagi hamkorlik masalalarini muhokama qilgan. Shuningdek, ta‘lim va gumanitar sohadagi aloqalarni rivojlantirish yuzasidan fikr almashilgan.

Ta‘kidlanishicha, infratuzilma loyihalarini amalga oshirishga, xususan, Surxon–Puli–Xumri elektr uzatish tarmog'i hamda Termiz–Mozori Sharif–Kobul–Peshovar temir yo'lini qurishga alohida e‘tibor qaratilgan. Uchrashuvlar natijasida muhokama qilingan masalalar bo'yicha ikki tomonlama kelishuvlarga erishilgan.

Afg'oniston delegasiyasi O'zbekiston tomoniga samarali muzokaralar va mehmondo'stlik uchun chuqur minnatdorlik bildirgan.