Eksport boʻyicha yillik reja 10 oyda, muddatidan oldin bajarildi

2022-yilning 10 oyida “Oʻzkimyoimpeks” MChJ tomonidan “Oʻzkimyosanoat” AJ boʻyicha belgilangan yillik eksport koʻrsatkichi muddatidan oldin bajarildi. Xususan, joriy yilning yanvar-oktabr oylarida amalda umumiy qiymati 407,3 mln. dollarlik kimyo mahsulotlari eksporti amalga oshirilib, yillik reja (400,8 mln. dollar) 31-oktabr holatiga 101,7 foizga bajarildi. 2021-yilning yanvar-oktabr oylariga nisbatan 155 foizga oʻsish taʼminlandi.
Joriy yil davomida 37 turdagi kimyo mahsulotlari eksportga chiqarildi. Shuningdek, 13 turdagi umumiy qiymati 18 mln. dollarlik yangi mahsulotlar murakkab mineral oʻgʻitlari (9 xil), polianion sellyuloza, suyuq mineral oʻgʻitlari (2 xil) eksportga chiqarildi. Taʼkidlash joizki, ayrim turdagi mahsulotlar eksportining oʻsish surʼati oʻtgan 2021-yilning mos davriga nisbatan katta koʻrsatkichlarni tashkil etdi. Bulardan superfosfat eksporti 35 barobarga, suyultirilgan ammiak mahsuloti eksporti 16 barobarga, avtomobil shinasi eksporti 11 barobarga, suyuq argon va ammoniy xloridi eksporti 6 barobarga oshgan.
“Oʻzkimyoimpeks” MChJ tomonidan yangi bozorlarni oʻzlashtirish hisobiga eksport geografiyasi kengaytirilmoqda. Yil boshidan buyon jahonning 36 ta davlatiga mahsulotlar eksporti amalga oshirildi. Bu koʻrsatkich 2021-yilda 28 tani tashkil qilgan. Shu jumladan, Mongoliya davlatiga umumiy qiymati 625,8 ming dollarlik karbamid va NPK mahsulotlari eksportga chiqarildi.
Shu bilan birga, mahsulot eksportida tashqi bozordagi yirik treyderlar bilan hamkorlik yoʻlga qoʻyildi. Litva davlatining “UHB Agro” kompaniyasi bilan hamkorlikda “Samarkand-NPK” MChJ QKda NPK oʻgʻitlarini ishlab chiqarish va eksportga yoʻnaltirish yoʻlga qoʻyildi. Yanvar-oktabr oylarida 19,6 mln. dollarlik 41,8 ming tonna NPK oʻgʻitlari eksportga chiqarildi. Shuningdek, 2021-yilning yanvar-oktabr oylarida 198,5 mln. dollarlik 871,5 ming tonna mineral oʻgʻitlari eksportga chiqarilgan boʻlsa, joriy yilda 753 ming tonna mineral oʻgʻitlari 329,4 mln. dollarga eksportga chiqarildi, yaʼni oʻtgan yilga nisbatan eksportga chiqarilgan har bir tonna mineral oʻgʻitdan 209 dollar koʻp foyda koʻrildi.
2021-yil yanvar-oktabr oylarida Rossiya davlatiga umumiy qiymati 4,5 mln. dollarlik 7 turdagi kimyo mahsulotlari eksport qilingan boʻlsa, 2022-yil mos davrida 12 turdagi umumiy qiymati 15 mln. dollardan ortiq kimyo mahsulotlari eksport qilindi. (oʻsish surʼati - 333 foiz). Yana bir muhim jihat shundaki, mahsulotlarni eksport qilishda xorijiy mamlakatlarda ochilgan savdo uylaridan unumli foydalanilmoqda. Joriy yilda savdo uylari orqali 33,6 mln. dollarlik mahsulotlar eksportga chiqarildi.
Hozirda ichki zaxira va imkoniyatlarni qayta koʻrib chiqib, qoʻshimcha ravishda 25 mln. dollarlik kimyo mahsulotlarini eksportga chiqarish rejalashtirilmoqda. Ushbu qoʻshimcha eksport koʻrsatkichini hisobga olib, 2022-yil yakuni bilan yillik eksport koʻrsatkichini 450 mln. dollarga yetkazish va belgilangan rejani 112,3 foizga bajarish, 2021-yilga nisbatan oʻsishni 117,8 foizga taʼminlash kutilmoqda.






