«UzMedExpo - 2022» XIV Xalqaro tibbiyot ko'rgazmasiga start berildi

Xabar berganimizdek, joriy yilning 21-23-sentabr kunlari "O'zekspomarkaz" MKKda "UzMedExpo-2022" 14-Xalqaro tibbiyot ko'rgazmasi bo'lib o'tmoqda.

O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 11-apreldagi "Tibbiyot sohasida xususiy sektor faoliyati uchun qo'shimcha qulayliklar yaratish va ushbu soha xodimlarini qo'llab-quvvatlash chora-tadbirlari to'g'risida"gi farmoni tufayli Respublikada zamonaviy tibbiy xizmat turlarini kengaytirish, nodavlat tibbiyot tashkilotlari faoliyatini yanada takomillashtirish, shuningdek, O'zbekiston Respublikasi Prezidentining sog'liqni saqlash sohasi vakillari bilan ochiq muloqoti doirasida belgilangan vazifalar ijrosini ta'minlashga qaratilgan islohotlar amalga oshirilmoqda.

Shu nuqtai nazardan, "UzMedExpo" ko'rgazmasini o'tkazish alohida ahamiyat kasb etib bormoqda va tibbiyot sohasida tibbiy texnikalar hamda uskunalar, dori vositalari, innovatsion mahsulotlar va xizmatlar bo'yicha yangi ishlanmalarni namoyish etish uchun maqsadli platforma hisoblanadi.

2022-yilgi tadbirda O'zbekiston, Belarus, Germaniya, Hindiston, Qozog'iston, Rossiya, Turkiya va Shvetsariyadan 70 ga yaqin kompaniya, shuningdek, butun dunyo bo'ylab tibbiy asbob-uskunalar ishlab chiqaruvchi va yetkazib beruvchilardan biri bo'lgan Koreya Respublikasining ekspozitsiyasi keng miqyosda namoyish etilmoqda.