Tigʼiz va qaltis holatlarda shifokorlarga yaqindan yordam beruvchi robot

Аmerikalik olimlar “AI-GUIDE” deb nomlangan tibbiy robot yaratdilar. Mutaxassislarning taʼkidlashicha, mazkur robot favqulodda holatlarda kuchli ichki qon ketishi kuzatilgan koʼplab bemorlar hayotini saqlab qolish imkonini berishi mumkin.

“AI-GUIDE” deb nomlangan ushbu portativ qurilma sunʼiy intellekt yordamida boshqariladi. U ultratovush qurilmalari bilan birlashtirilishi mumkin boʼlgan maxsus algoritmlar va integratsiyalangan robototexnikadan tashkil topgan.

Innovatsion uskuna kateterni son arteriyasiga sanoqli soniyalar ichida va hech qanday qiyinchiliksiz joylashtirish imkonini beradi.

Buning uchun avval u bemor tanasiga qoʼyiladi. Displey moslamani kerakli joyga yoʼnaltiradi, soʼngra foydalanuvchi maxsus tugmani bosadi. Shundan keyin igna bemor tanasining zarur nuqtasiga kiritiladi.