Toʼqimachilik kam xarajat bilan koʼp daromad keltiradigan soha hisoblanadi

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida ilmga asoslangan urugʼchilik va agrotexnologiyalar hisobiga paxta ishlab chiqarish hajmini oshirish hamda paxtani chuqur qayta ishlash asosida toʼqimachilik mahsulotlari eksportini koʼpaytirish chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yigʼilishi bo’lib o’tmoqda.

Unda:

ilmga asoslangan urugʼchilik va agrotexnologiyalar hisobiga paxta hosildorligi va hajmini kamida 30 foizga oshirish;

paxtani chuqur qayta ishlab, sohaning eksportini kamida 2 baravarga koʼpaytirish muhokama qilinmoqda.

“Bu – iqtisodiyotimiz uchun juda katta imkoniyat va zaxiradir. Toʼqimachilik bizga kam xarajat bilan oltindan ham koʼp daromad keltiradigan soha hisoblanadi.

Shuning uchun biz sohada toʼliq klaster tizimini joriy etdik. Bugungi kunda paxta tolasini oʼzimizda 100 foiz qayta ishlash yoʼlga qoʼyildi (besh yil avval 40 foiz tola qayta ishlangan).

Sohani qoʼllab-quvvatlash uchun soʼnggi uch yilda toʼqimachilik klasterlariga 23 trln soʼmdan ziyod imtiyozli mablagʼlar ajratildi. Bundan tashqari, klasterlarning oʼzlari ham qariyb 7 trln soʼm xususiy investitsiyalar yoʼnaltirdilar. Natijada 350 ga yaqin yirik fabrikalar ishga tushirildi.

Ishlab chiqarish hajmi 5 barobarga oshdi, eksport esa 4 barobarga oʼsib, qariyb 3 mlrd dollarga yetdi”, dedi Prezident.