Tojikistonda o‘zbek-tojik ipakchilik qo‘shma korxonasi faoliyati o‘rganildi

“O‘zbekipaksanoat” uyushmasi mas’ul xodimlari Tojikistonning So‘g‘d viloyatida bo‘lib, viloyat hokimligi mutasaddilari bilan Tojikistonda O‘zbekiston pillachiligi tajribalarini joriy etish xususida muzokaralar olib bordi.

Ma’lumki, joriy yilning 2-iyun kuni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev va Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon imzolagan deklaratsiya asosida Ipakchilik va jun sanoatini rivojlantirish qo‘mitasi hamda Tojikiston Respublikasining Yengil sanoat va yangi texnologiyalar vazirligi o‘rtasida ipakchilik tarmog‘ida hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan memorandum imzolangan.

Mazkur memorandum ijrosini ta’minlash maqsadida “O‘zbekipaksanoat” uyushmasi mas’ul xodimlari ayni vaqtda ikkinchi marotaba Tojikistonda bo‘lib turibdi. Xizmat safarining ilk kunida delegatsiya a’zolari So‘g‘d viloyatida bo‘lib, viloyat hokimligi mutasaddilari bilan Tojikistonda O‘zbekiston pillachiligi tajribalarini joriy etish xususida muzokaralar olib bordi.

Shuningdek, Samarqand viloyatining “Kumush tola” MCHJ va Xo‘jand shahrining “Atlasi Xo‘jand” korxonalari o‘rtasidagi memorandumga asosan tuzilgan “Samarkand Sogd Silk” korxonasi faoliyati o‘rganildi.

“Samarkand Sogd Silk” o‘zbek-tojik ipakchilik qo‘shma korxonasi Tojikistonning Xo‘jand shahrida joylashgan bo‘lib, korxona pillani qayta ishlab, ipak mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashtirilgan.

Ta’kidlanishicha, ushbu loyihaning keyingi bosqichlarida “Marg‘ilon tajribasi” bilan atlas va adras matolar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi.