Tomsk va O'zbekiston: tajriba almashinuvi va yangi loyihalar

Shu kunlarda Toshkentda Rossiya Federatsiyasi Tomsk viloyatining kichik va o'rta biznes vakillaridan iborat delegatsiyasi tashrifi amalga oshirilmoqda. Delegatsiyaga Tomsk Savdo-sanoat palatasining prezidenti Maksim Mixaylovich Kostarev boshchilik qilmoqda.

9-dekabr kuni O'zbekiston Savdo-sanoat palatasining Toshkent shahar boshqarmasi Lotte City Hotel Tashkent Palace mehmonxonasining anjumanlar zalida B2B shaklida konstruktiv muzokaralarni tashkil qildi. Unda Tomsk korxonalarining rahbarlari va turli sohalarda faoliyat yurituvchi milliy kompaniyalarning vakillari ishtirok etdilar.

Savdo-iqtisodiy delegatsiyaning maqsadi - Tomsk va O'zbekiston tadbirkorlari o'rtasida biznes-hamkorlikni kengaytirish, o'zbekistonlik potensial hamkorlar bilan ishbilarmonlik aloqalariini yo'lga qo'yish, Tomsk viloyati korxonalarining imkoniyatlarini taqdim qilish. Shuningdek, delegatsiya Tomsk kompaniyalarini O'zbekiston bozorida targ'ib qilmoqda, tajriba va texnologiyalar bilan almashmoqda hamda biznesni yuritishning muvaffaqqiyatli amaliyotlari bilan tanishmoqda.