Toshkent metropoliteni Tansport vazirligiga o‘tkazildi

Toshkent shahriga kirib keluvchi yoʼlovchi transportlar uchun 6 ta metro bekati atrofida avtoturargohlar tashkil etiladi.

“Toshkent metropoliteni faoliyatining samaradorligini oshirish chora-tadbirlari toʼgʼrisida”gi Prezident qarori qabul qilindi.

Qarorga ko‘ra, “Toshkent metropoliteni” UK “Oʼzbekiston temir yoʼllari” АJ tarkibidan Transport vazirligi tizimiga oʼtkazilib, “Toshkent metropoliteni” davlat unitar korxonasiga oʼzgartirildi.

“Toshkent metropoliteni” DUK 2024-yil 1-yanvargacha respublikada ishlab chiqarilmaydigan va tegishli roʼyxat boʼyicha import tovarlarni olib kirishda bojxona toʼlovlaridan (qoʼshilgan qiymat soligʼi va bojxona yigʼimlaridan tashqari) ozod etiladi.

2022-yil 1-iyulgacha 7 ta metro bekatida (Beruniy, Chorsu, Paxtakor, Olmazor, Turkiston, Qoʼyliq bozori, Chilonzor) transport oʼtish bogʼlamalari;

2022-yil 1-oktyabrgacha Toshkent shahriga kirib keluvchi yoʼlovchi transportlar uchun 6 ta metro bekati (Turkiston, Yunusobod, Chilonzor va yer usti halqa liniyasining 3, 4 va 5-bekati) atrofida avtoturargohlar tashkil etiladi.

2022-yil 1-yanvardan quyidagi maʼlumot va xizmatlarni oʼz ichiga oluvchi mobil ilova ishga tushiriladi:

➖ metropoliten yoʼnalishlari (ularning qurilishi boʼyicha maʼlumotlar);
➖ bekatlar (ular atrofida joylashgan obʼektlar va jamoat transporti yoʼnalishlari);
➖ poyezdlar harakati jadvali;
➖ elektron toʼlov.

2022-yil 1-aprelgacha yer usti halqa metro bekati yoʼnalishida yoʼlovchilar uchun bepul WI-FI tizimi bilan bogʼlash va yer osti metro bekatlarida mobil aloqa operatorlari xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlari yaratiladi.

Qaror bilan shuningdek, 2021–2023-yillarda Toshkent metropolitenida yoʼlovchi tashish va poyezdlar harakati xavfsizligini taʼminlashga qaratilgan birinchi navbatdagi chora-tadbirlar rejasi tasdiqlandi.