Toshkent shahri bo‘yicha yalpi hududiy mahsulot hajmi 114,1 foizga o‘sib 87,8 trln so‘mni tashkil etdi

Yigirma ikkinchi yalpi majlisda Toshkent shahar hokimining hududlarni rivojlantirish haqidagi hisoboti eshitildi.
Toshkent shahrini har tomonlama rivojlantirish borasida muayyan ishlar amalga oshirilganligi ta’kidlandi. Joriy yilning to‘qqiz oyi davomida Toshkent shahri bo‘yicha yalpi hududiy mahsulot hajmi 87,8 trln so‘mni tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 114,1 foizga o‘sgan. Aholi jon boshiga nisbatan yalpi hududiy mahsulot 31,2 mln so‘mdan ortiqni tashkil etgan.
Bektemir, Mirzo Ulug‘bek, Olmazor, Sergeli, Uchtepa, Chilonzor, Yunusobod, Yakkasaroy tumanlaridagi 8 ta kichik sanoat zonasida 1 trln 237,3 mlrd so‘mlik 582 ta investitsiya loyihasi amalga oshirilib, 239,2 mlrd so‘mlik import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarilgan.
Bektemir, Uchtepa, Shayxontohur, Yashnobod, Yangihayot tumanlarini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha qabul qilingan qarorlar doirasida sanoat va xizmat ko‘rsatish sohalarida umumiy qiymati 6,8 trln so‘mlik 120 ta investitsiya loyihasi ishga tushirilib, 11 mingga yaqin yangi ish o‘rinlari yaratilgan.
Jami 911,9 mln AQSH dollari miqdorida mahsulotlar eksport qilinib, reja 137,2 foizga bajarilgan, eksport geografiyasi 80 ga yaqin mamlakatni qamrab olgan.
Ichki va tashqi bozorlarda talab yuqori bo‘lgan mahsulotlar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish dasturiga asosan 221 ta loyiha doirasida 2 trln 946,6 mlrd so‘mlik yangi turdagi mahsulotlar ishlab chiqarilgan va o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 2,5 barobarga oshgan.






