Toshkent viloyati maʼmuriy markazida Nurafshon-Korea New City Project amalga oshiriladi

Mamlakatimiz elchixonasi tomonidan tashkil etilgan Janubiy Koreya delegatsiyasining O‘zbekistonga tashrifi doirasida Toshkent viloyati Nurafshon shahri hokimi Muzaffar Saliyev Koreya-O‘zbekiston ishbilarmonlar uyushmasi (KUBA) raisi o‘rinbosari Kim Chan Kon bilan uchrashdi.
Uchrashuvda tomonlar “Nurafshon-Koreya yangi shahar loyihasi”ning amalga oshirilish tizimini muhokama qildilar, shuningdek, ikki tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish rejalarini belgilab oldilar.
Nurafshon-Koreya yangi shahar loyihasi bo‘yicha ishlar 2021-yil 28-aprelda Nurafshon shahar hokimligi va KUBA o‘rtasida o‘zaro kelishuv memorandumi imzolanganidan so'ng boshlangan edi. Loyiha 150 gektar maydonda amalga oshirilmoqda, u yerda Janubiy Koreya tipidagi yangi shahar hududi, shuningdek, yong‘inga qarshi mutaxassislar tayyorlash markazi, shifoxona, universitet va boshqa binolar qurilishi rejalashtirilgan. Ayni paytda tumanni rivojlantirish bo‘yicha tuzilma konsepsiyasi va rejalari ustida qizg‘in ishlar olib borilmoqda.






