Toshkent viloyatida Chirchiq daryosi ustidan o‘tuvchi katta ko‘prik qurilishiga start berildi

Ko‘prik loyihasi Transport vazirligi, “O‘zbekiston temir yo‘llari” hamda Toshkent viloyati hokimligiga tegishli.
Kuni kecha Toshkent viloyatining Chirchiq shahrida tarixiy qurilish boshlandi. Chirchiq shahriga olib kiruvchi 4R12 magistral yoʻli orqali Chirchiq daryosi ustidan oʻtuvchi muhtasham koʻprik inshooti qurilmoqda.
Bu Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi, “Oʻzbekiston Temir yoʻllari” AJ va Toshkent viloyati hokimligi tomonidan ishlab chiqilgan loyiha ekanligi ma’lum qilindi.
"Yetuk muhandis va loyihachilar tomonidan koʻplab muhokamalar orqali yanada takomillashtirilgan loyiha oʻzining qulay yoʻl oʻtkazgich yechimiga egaligi, unda toʻxtash xududlari, sugʻorish va irrigatsiya tizimlari, tashqi yoritish qurilmalari eʼtiborga olinib, obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirish ishlariga ham katta ahamiyat berilgani eʼtiborlidir", deyiladi xabarda.
Hokimlik ma'lumotiga ko‘ra, kuni kecha mazkur ulkan qurilish boshlanadigan nuqtada Chirchiq shahar hokimi S.Yusupov boshchiligida “Oʻzbekiston temir yo‘llari” AJ bosh muhandisi Z. Mahamatov, hududiy sektor rahbarlari, mahalliy kengash deputatlari hamda faollar yigʻilgan.
Xayrli udumga koʻra, Qurʼon tilovat qilinib, qurilishga “oq yoʻl” tilangan va bu muazzam inshoot xalqimizga uzoq yillar manfaatli xizmat qilsin, deya duo qilingan.






