Toshkent xalqaro investitsiya forumi Tashkiliy qoʼmitasining yigʼilishi boʼlib oʼtdi

Joriy yilning 15-mart kuni Oʼzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʼrinbosari - Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov rahbarligida birinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumi Tashkiliy qoʼmitasining yigʼilishi boʼlib oʼtdi.

Yigʼilishda vazirliklar, idoralar, tarmoq birlashmalari rahbarlari, shuningdek videokonferensiya orqali Qoraqalpogʼiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy hokimiyat organlari rahbarlari ishtirok etdi.

Forumning biznes dasturini shakllantirish, xorijiy delegatsiyalar, investorlar va ommaviy axborot vositalari ishtirokini tashkil qilish, sanitariya-epidemiologiya xavfsizligi talablariga rioya etilishini taʼminlash hamda tayyorgarlikning boshqa jihatlari bilan bogʼliq keng koʼlamli masalalar muhokama qilindi.

Vazirlik va idoralar rahbarlari tegishli yoʼnalishlar boʼyicha amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan hisobot berib, vazifalarni sifatli va oʼz vaqtida bajarish boʼyicha qoʼshimcha topshiriqlar oldilar.

Forumning asosiy vazifalari Yangi Oʼzbekistonni dunyo miqyosidagi ishbilarmon doiralariga tanishtirish, mamlakatimizni chet ellik investorlar uchun ustuvor yoʼnalish sifatida ilgari surish, iqtisodiyotga xorijiy investitsiyalar va zamonaviy texnologiyalarni jalb etish, xalqaro iqtisodiy hamkorlik sohasida yangi “oʼsish nuqtalari”ni belgilash, shuningdek, Oʼzbekiston va boshqa mamlakatlar ishbilarmon doiralari oʼrtasida toʼgʼridan-toʼgʼri aloqalarni oʼrnatish uchun mushtarak manfaatlar yoʼnalishlarini kashf etishdan iborat ekanligi taʼkidlandi.