Toshkent yoshlar forumi – 2021

Bugun poytaxtimiz markazida joylashgan Toshkent City majmuasining Congress Hallida Toshkent yoshlar forumiga start berildi.

Ushbu tadbir ilk bor 2020 – yil Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan poytaxt hokimligi tomonidan tashkil etilib forumda 10 mingdan ortiq yigit-qiz ishtirok etgan edi. Bu yilgi tadbirda 15 mingdan ziyod yoshlar ishtirok etishi ko’zda tutilgan.

Forumni tashkillashtirishdan ko'zlangan maqsad - faol, intiluvchan hamda tashabbuskor yoshlarni birlashtirish, ularda mamlakat hayotiga daxldorlik hissini shakllantirish, g'oya va tashabbuslarini qo'llab-quvvatlashdan iborat.
Forumining tantanali ochilishi 20 dekabr kuni bo'lib o'tdi. Unda Bosh vazir o'rinbosari, Turizm va sport vaziri Aziz Abduhakimov, Adliya vaziri Ruslanbek Davletov, Oliy va o'rta maxsus ta'lim vaziri Abduqodir Toshqulov, Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish vaziri Sherzod Shermatov, Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov bilan uchrashuvlar bo'lib o’tishi rejalashtirilgan.

Boshqa zallarda Germaniya, Rossiya, AQSH, Shveysariya, Fransiya va Yaponiya elchixonalari vakillarining chiqishlari, O'zbekiston Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatlarini rivojlantirish agentligi direktorining birinchi o'rinbosari Otabek Hasanov bilan uchrashuvlar, yozuvchilar va san'atkorlar ishtirokida master-klaslar, “Abdulla Qodiriy” hujjatli-badiiy filmi namoyishi bo’lib o’tadi.

Forumning ikkinchi kuni, ya'ni 21 dekabrda ishtirokchilar blogerlar va influenserlar bilan suhbatlarni, IIV va Milliy gvardiya xodimlari bilan ochiq muloqot, gender tenglik bilan bog'liq masalalar muhokamasi va boshqa ko'plab qiziqarli tadbirlarni davom ettiradilar.

Shuningdek, Prezident ta'lim muassasalari Agentligi direktori Hilola Umarovaning yoshlar bilan uchrashuvi bo'lib o'tadi.

Katta sahnada bosh vazirning investitsiyalar va tashqi iqtisodiy aloqalar masalalari bo'yicha o'rinbosari - investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzakov, Sog'liqni saqlash vaziri Behzod Musayev, Bandlik va mehnat munosabatlari raisi Nozim Husanov, Davlat soliq qo'mitasi raisi Sherzod Kudbiyev, Yoshlar ishlari agentligi raisi Alisher Sa'dullayev bilan uchrashuvlar tashkil qilinadi.

Forum doirasida tashkilotchilar tomonidan xorijda o'qish uchun grantlar dasturi ishga tushirilishi, tanlovlar o'tkazilishi hamda “Toshkent yoshlarni sevadi” oyligi doirasida o'tkazilgan tadbirlar g'oliblari taqdirlanishi e'lon qilinadi. Toshkent shahar hokimining talabalarga stipendiyalarni topshirish marosimi ham bo'lib o'tadi.

Forum so'ngida yoshlarning eng yaxshi 100ta taklifi dasturga kiritiladi va kelgusida ularni hayotga tatbiq qilish bo'yicha chora-tadbirlar ishlab chiqiladi.