Toshkent yoshlar forumi - 2021 davom etadi

Avval ma’lum qilganimizdek, kuni kecha Toshkent City majmuasining Congress Hallida Toshkent yoshlar forumiga start berilgan edi. Forumning ikkinchi kuni, Bosh vazir o’rinbosari - Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzakov yoshlar bilan uchrashdi.
Shuningdek, ishtirokchilar bloger va influenserlar bilan suhbatlarni, IIV va Milliy gvardiya xodimlari bilan ochiq muloqot, gender tenglik bilan bog'liq masalalar muhokamasi va boshqa ko'plab qiziqarli tadbirlarni davom ettirdilar.
Alohida zalda “Ayollar forumi” bo'lib o'tdi. Unda O'zbekistonning taniqli va muvaffaqiyatli ayollari so'zga chiqib, o'z karyeralari haqida so'zlab, qizlarga motivatsiya bag'ishlashdilar.
Forum doirasida tashkilotchilar tomonidan xorijda o'qish uchun grantlar dasturi ishga tushirilishi, tanlovlar o'tkazilishi hamda “Toshkent yoshlarni sevadi” oyligi doirasida o'tkazilgan tadbirlar g'oliblari taqdirlanishi e'lon qilindi.
Ushbu forum hamda yosh avlodga bo’lgan e’tibor, kelajak avlod uchun kuchli motivatsiya va yangi imkoniyatlar poydevori bo’lib hizmat qiladi.






