Toshkentda Alibaba Group korporatsiyasi bilan hamkorlikda elektron tijorat forumi tashkil etiladi

Joriy yilning 8-15-oktabr kunlari Toshkentda Alibaba Group korporatsiyasi bilan hamkorlikda elektron tijorat forumi, tadbirkorlar uchun seminarlar va treninglar, shuningdek, savdo maydonchasi orqali eksport qilishga qiynalayotgan eksportyorlar uchun mahorat darslari hamda individual konsultatsiyalar o'tkazish rejalashtirilgan.

Mashg'ulotlarda Alibaba Group korporatsiyasining 5 ta yetakchi eksperti ishtirok etadi. Tadbir nafaqat Markaziy Osiyoda, balki MDH mamlakatlarida o'tkazilgan eng keng qamrovli bo'lishi kutilmoqda.

Ma’lumotlarga ko’ra o'tgan hafta O'zbekiston Alibaba global savdo maydonchasidan o'rin olgani haqidagi xabar Internet tarmog’ida keng tarqalgan. ITSV ushbu voqelikning tafsilotlarini ochiqladi.

Tarqalgan xabarning mazmuniga ko’ra: Xitoyda nufuzli xalqaro elektron savdo maydonchasida O'zbekiston milliy pavilyonining rasmiy ochilish marosimi bo'lib o'tdi. Alibaba.com yillik aylanmasi 106 milliard dollarni tashkil etadigan Xitoyning yetakchi savdo platformasidir. Uning asosiy faoliyati B2B shaklida kompaniyalar o'rtasidagi savdo operatsiyalari va onlayn chakana savdoni tashkil qilishdan iborat.

O'zbekiston pavilyoni MDH mamlakatlari orasida Alibaba.com saytida Rossiya va Qozog'istondan keyin uchinchi bo'ldi. O'zbekiston milliy pavilyoniga 4800 dan ortiq turdagi tovarlarga ega 50 dan ortiq mahalliy kompaniyalar kiradi.

O'zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi Eksportni rag'batlantirish agentligi va Alibaba Group korporatsiyasi o'rtasida hamkorlik shartnomasi imzolandi. Maqsad –Xitoyning ulkan elektron savdo platformasi orqali milliy mahsulotlar eksportini yo'lga qo'yishdan iborat. Shartnoma doirasida Agentlik o'z mahsulotlarini Alibaba marketpleysida ro'yxatdan o'tkazish uchun 70 ta mahalliy eksport qiluvchi korxonalarga 4,6 milliard so'm miqdorida moliyaviy yordam ko'rsatdi.

Ta’kidlanishicha, muhim voqeaning o'zi joriy yilning 13-sentabrida ro'y berdi. O'sha kuni Alibaba platformasida doimiy faoliyat ko'rsatayotgan O'zbekiston milliy pavilyoni ishga tushirildi. Unda 3 ta asosiy tarmoq – to'qimachilik, qishloq xo'jaligi va oziq – ovqat sanoatining 100 dan ortiq eng sifatli va ommabop mahsulotlari o’rin olgan.

Yil oxiriga qadar pavilyonda elektrotexnika, mebel va aksessuarlar, charm-poyabzal mahsulotlari, sport anjomlari, bolalar o'yinchoqlari bo'yicha yangi tarmoqlar sahifalari ochilishi rejalashtirilgan. Natijada eksportga yo'naltirilgan tovar pozitsiyalari soni 300 taga yetkaziladi. Pavilyon muntazam ravishda O'zbekiston tovarlari bilan yangilanadi.

ITSV huzuridagi Eksportni rag'batlantirish agentligi tizimli ravishda ushbu yo'nalishni ilgari surishda davom etish maqsadida Toshkentda Alibaba Group korporatsiyasi bilan hamkorlikda elektron tijorat forumi tashkil etishni rejalashtirgan.