Toshkentda Autodriver Study tomonidan ochilgan Yagona imtihon markazi

4-fevraldan Toshkent shahar IIBB YHXB ro‘yxatlash va imtihon olish bo‘lim-bo‘linmalarida haydovchilik guvohnomasi uchun imtihonlarni qabul qilish to‘xtatildi. Endilikda haydovchilik guvohnomasini olish uchun imtihonlar xususiy kompaniyalar tomonidan o‘tkaziladi.

Endilikda Toshkent shahrida haydovchilik guvohnomasini olish yoki uni tiklash uchun imtihonlarni topshirish Sirg‘ali tumanida joylashgan «Toshkent imtihon markazi» tomonidan amalga oshiriladi.

Autodriver Study kompaniyasi tomonidan ochilgan Yagona imtihon markazining taqdimoti 3-fevral kuni bo‘lib o‘tdi. Markaz o‘z faoliyatini 4-fevraldan boshladi.

Prezidentning 2020-yil 7-dekabrdagi qarori bilan 2021-yil 1-apreldan avtomototransport vositalari va shahar elektr transporti vositalari haydovchilarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish bo‘yicha nodavlat ta’lim xizmatlari ko‘rsatish faoliyati uchun litsenziyaga ega tadbirkorlik subyektlariga barcha toifadagi avtomototransport vositalarini (trolleybus va tramvaydan tashqari) boshqarish huquqini beruvchi haydovchilik guvohnomasini olish uchun nazariy va amaliy imtihonlarni o‘tkazish huquqi berilgan edi.