Toshkentda Birinchi xalqaro farmasevtika forumi oʼz ishini boshladi

Joriy yilning 15-iyun kuni Toshkent shahridagi “Hyatt Regency Tashkent” mehmonxonasida Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Farmasevtika tarmogʼini rivojlantirish agentligi, shuningdek Xorijiy farmasevtika kompaniyalari va ishlab chiqaruvchilarining Oʼzbekiston Respublikasidagi vakolatxonalari Аssotsiatsiyasi tomonidan tashkil etilgan Birinchi xalqaro farmatsevtika forumi oʼz ishini boshladi.

Forum mahalliy farmasevtika mahsulotlarini ishlab chiqaruvchilarni qoʼllab-quvvatlash, farmmahsulotlarni mahalliylashtirish va eksport qilish hajmini oshirish, Oʼzbekistonda qoʼshma investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun xorijiy kompaniyalarni jalb qilishga qaratilgan. Tadbir mahalliy va xorijiy ishlab chiqaruvchilar, sohani tartibga soluvchi organlari, sotuvchi tashkilotlar va farmatsevtika bozori mutaxassislari oʼrtasida eng yaxshi tajriba va amaliyot, innovatsion uslub va texnologiyalar almashinuvi uchun platformaga aylanishga moʼljallangan.

Forumning ochilish marosimida soʼzga chiqqan maʼruzachilar taʼkidlashicha, soʼnggi 5 yil ichida mamlakatimizda mazkur tarmoqda qiymati qariyb 500 million dollarlik 100dan ortiq investitsiya loyihalari ishga tushirildi, ularning 65 tasi xorijiy investorlar ishtirokida tashkil etilgan. Buning natijasida farmasevtika mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 2,5 barobar, eksport hajmi esa qariyb 5 barobar oshdi. 7 mingdan ortiq yangi ish oʼrinlari yaratildi.

Forumda 100 dan ortiq yetakchi mahalliy va xorijiy farmasevtika kompaniyalari vakillari, tegishli vazirlik va idoralar rahbarlari, xorijiy diplomatik vakolatxonalar, shuningdek yirik dorixona tarmoqlari va distribyutorlar vakillari ishtirok etmoqda.

Forum 15 va 16-iyun kunlari oʼz ishini davom ettiradi. 17-iyun kuni Samarqand shahrida Savdo-sanoat palatasi va Qishloq xoʼjaligi vazirligi tomonidan atoqli oʼzbek olimi Аbu Аli ibn Sinoning merosini aks ettiruvchi "Avicenna Heritage" deb nomlangan dorivor oʼsimliklar mahsulotlarining Birinchi xalqaro koʼrgazmasi tashkil etiladi.