Toshkentda Eronning ShHTga kirishi tartibi ko’rib chiqildi

2022-yil 11-mart kuni Toshkent shahrida Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar va Eron Islom Respublikasi vakolatli vakillarining maslahatlashuvlari yakunlari bo‘yicha Protokolni imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi. Hujjatda Eron tomonining ShHTga a’zo davlat maqomini olish bo‘yicha majburiyatlari to‘g‘risidagi Memorandum loyihasi ma’qullandi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Vladimir Norov, ShHTning doimiy faoliyat yurituvchi tuzilmalari rahbarlari, a’zo davlatlarning milliy koordinatorlari, shuningdek, Xitoy va Eronning Toshkentdagi diplomatik vakolatxonalari rahbarlari hamda xodimlari ishtirok etdi.

Protokolning imzolanishi o‘tgan yili ShHTning Dushanbe sammitida sakkiz davlat rahbarlarining Eronni Tashkilotga a’zolikka qabul qilish tartibini boshlash to‘g‘risidagi qarorini ro‘yobga chiqarish yo‘lida muhim amaliy qadam bo‘ldi.

Hujjat Eron tomoni a’zo bo‘lganidan keyin ShHT Xartiyasi, xalqaro shartnomalar va Tashkilot doirasida qabul qilingan hujjatlarning maqsad va tamoyillariga rioya qilish, a’zo davlatlar bilan do‘stona va o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish hamda ShHTning xalqaro va mintaqaviy masalalardagi nufuzini oshirishga o‘z hissasini qo‘shishga tayyorligidan dalolat beradi.

Mazkur jarayonning navbatdagi bosqichi joriy yilning sentabr oyida Samarqandda bo‘lib o‘tadigan ShHT sammiti doirasida Majburiyatlar to‘g‘risidagi memorandumni imzolash va ushbu majburiyatlarni bajarish bo‘ladi. Shundan so‘ng tashkilotga a’zo davlatlar rahbarlari Eronga ShHTga a’zo davlat maqomini berish masalasini ko‘rib chiqadi.