Toshkentda Hududlararo hamkorlik va biznes yaxlitligini mustahkamlash mavzusida xalqaro forum bo’lib o’tmoqda

Ayni damda O’zbekistonda tadbirkorlikni rivojlantirish, davlat organlari va ishbilarmonlar o’rtasida muloqotni yo’lga qo’yish muhim ahamiyat kasb etmoqda. Aynan shu munosabat bilan 2017-yil O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning tashabbus va taklifiga ko’ra O’zbekistonda Biznes-ombudsman instituti tashkil etildi.

Biznes-ombudsman instituti davlatning tadbirkorlik faoliyatiga aralashuvining oldini olish, tadbirkorlarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga ixtisoslashgan organ sifatida mamlakatimizda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash va investitsiya rivojini oshirishga hissa qo’shmoqda.

Bugun 2021 – yil 14 - dekabr kuni poytaxtimizda Yevropa va Osiyo tadbirkorlik subyektlarining huquqlarini himoya qilish bo’yicha vakillar (Biznes – ombudsmanlar) “Hududlararo hamkorlik va biznes yaxlitlikni mustahkkamlash” mavzusidagi xalqaro forum bo’lib o’tmoqda. Tadbirda O’zbekiston Respublikasi Biznes-ombudsman o’rinbosari Jamshid Urunov hamda Rossiya Federatsiyasi, Qozog’iston, Qirg’iziston, Gruziya, Ukraina, tadbirkorlar huquqlarini himoya qilish bo’yicha vakillar, Koreya Respublikasidagi investorlar huquqlarini himoya qilish bo’yicha Ombudsman hamda Polshadagi kichik va o’rta korxonalar bo’yicha Ombudsmanlar ishtirok etmoqdalar. Shuningdek, forumda YXHT (Yevropa xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti), YTTB (Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki), USAID (AQSH Xalqaro taraqqiyot agentligi), TIKA (Turkiya hamkorlik va muvofiqlashtirish agentligi), JICA (Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi) va GIZ (Germaniya Xalqaro hamkorlik jamiyati) kabi xalqaro tashkilolar vakillari ham ishtirok etmoqdalar.

Tadbir yakunida”Toshkent deklaratsiyasi” imzolanishi rejalashtirilgan.

Deklaratsiyani imzolash orqali forum ishtirokchilari milliy va xalqaro normativ-huquqiy xujjatlarini qo’llash bo’yicha o’zaro huquqiy maslahatlar almashinishga tayyor ekanliklarini tasdiqlaydilar. Ushbu deklaratsiyada belgilangan chora-tadbirlarning amalga oshirilishi ishtirokchi davlatlar iqtisodiyotining raqobatbardoshligini oshirishda shubhasiz ijobiy samara beradi.